Languages

Nizom

O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi to‘g‘risidagi

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining (keyingi o‘rinlarda - Davlat inspeksiyasi) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi va faoliyatining tashkiliy asoslarini, shuningdek, uning rahbarlari funksional majburiyatlarini belgilaydi.
  2. Davlat inspeksiyasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish va mualliflik huquqlari sohasida fonogrammalar, audiovizual asarlar, elektron hisoblash mashinalari (keyingi o‘rinlarda - EHM) uchun dasturlar tarqatilishida qonun hujjatlariga rioya qilinishi yuzasidan nazoratni amalga oshiruvchi maxsus maqomga ega vakolatli davlat organi hisoblanadi.
  3. Davlat inspeksiyasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar va ushbu Nizomga amal qiladi.
  4. Davlat inspeksiyasining o‘z vakolati doirasida qabul qiladigan qarorlari aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish, audiovizual asarlar, fonogrammalar, EHM uchun dasturlarni (sotish, ijaraga berish va barchaning e’tiboriga yetkazish) tarqatish sohasida faoliyat yurituvchi barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, maxalliy davlat xokimiyati organlari, boshka tashkilotlar va idoralar, xo‘jalik  yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishi majburiy xisoblanadi.
  5. Davlat inspeksiyasi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida, boshqa tashkilotlar va idoralarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, axborot va kiberxavfsizlikni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda joriy etish va rivojlantirish holati ustidan nazorat, monitoring olib borish, uni o‘rganish va tekshirish vakolatiga ega.
  6. Davlat inspeksiyasi yuridik shaxs hisoblanadi, o‘zining mustaqil balansiga, O‘zbekiston Respublikasining bank muassasalarida hisob raqamiga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga ega.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy inspeksiyalari yuridik shaxs hisoblanmaydi hamda o‘z faoliyatini ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiradi.

  1. Davlat inspeksiyasining rasmiy nomi:

a)  davlat tilida:

to‘liq nomi - O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi, qisqartirilgan nomi – O‘zaloqanazorat;

b)  rus tilida:

to‘liq nomi - Государственная инспекция по контролю в сфере информатизации и телекоммуникаций Республики Узбекистан, qisqartirilgan nomi - Госинспекциясвязи;

v)  ingliz tilida:

to‘liq nomi - The State Inspection for control in the field of informatization and telecommunication of the Republic of Uzbekistan.

 

  1. Davlat inspeksiyasi tuzilmasiga:

Davlat inspeksiyasining markaziy apparati;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy inspeksiyalari;

“Texnik ko‘maklashish markazi” davlat unitar korxonasi kiradi.

Davlat inspeksiyasi boshlig‘iga, zarurat bo‘lganda, belgilangan shtatlar soni doirasida tuzilmaga va shtatlar jadvaliga o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi.

2-bob. Davlat inspeksiyasining, markaziy apparat

va hududiy inspeksiyalarning vazifalari hamda funksiyalari

§ 1. Davlat inspeksiyasining vazifalari va funksiyalari

  1. Quyidagilar yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish Davlat inspeksiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
  1. aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablariga rioya qilish;
  2. o‘z vakolati doirasida pochta aloqasi, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalari xizmatlarining sifatli taqdim etilishi, davriy bosma nashrlar, fonogrammalar, audiovizual asarlar va EHM uchun dasturlar tarqatilishida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish choralarini ta’minlash;
  3. fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlar tarqatish (sotish, ijaraga berish va barchaning e’tiboriga yetkazish)da mualliflik huquqlari sohasidagi qonun hujjatlariga va normativ hujjatlarga rioya qilish;
  4. normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarida, shuningdek, boshqa tashkilot va idoralarda “Elektron hukumat” tizimida infratuzilmani rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish;
  5. ish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, integratsiyalashgan axborot tizimlarini, ma’lumotlar uzatish va almashishning idoralararo tarmoqlarini joriy etish va ulardan foydalanish, davlat axborot resurslari integratsiyasi, shu jumladan elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish samaradorligi;
  6. “oxirgi milya” tamoyili bo‘yicha Internet tarmog‘idan keng polosali foydalanishni, multiservis aloqa tarmoqlari texnologiyalarini, mobil aloqa bozorini, boshqa zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini, shuningdek, pochta aloqasi xizmatlarini va davriy bosma nashrlar tarqatishni kengaytirish yo‘li bilan telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish.
  1. Davlat inspeksiyasi o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
  1. aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablariga rioya qilinishi yuzasidan nazorat sohasida:

xo‘jalik  yurituvchi subyektlar tomonidan litsenziyalash haqidagi qonun hujjatlari, litsenziya bitimlari bajarilishi, radiochastota spektridan foydalanish, pochta aloqasi va telekommunikatsiyalar tarmoqlaridagi, ma’lumotlar uzatishdagi xavfsizlik, axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik, teleradioeshittirish va axborot tizimlarida xavfsizlik bo‘yicha texnik va texnologik talablar bajarilishini nazorat qiladi, o‘rganadi va tekshiradi;

aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida litsenziya talablari va shartlarini buzgan holda, shuningdek, tegishli litsenziyani rasmiylashtirmasdan faoliyatni amalga oshirayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni aniqlaydi, o‘rganadi va tekshiradi;

telekommunikatsiyalar, pochta aloqasi, davriy bosma nashrlarni tarqatish xizmatlarini ko‘rsatishda, shuningdek, telekommunikatsiyalar tarmoqlarini, shu jumladan mobil aloqa, radioelektron vositalar, yuqori chastotali qurilmalar va telekommunikatsiya tizimlari tarmoqlarini loyihalash, qurish, qayta qurish, kengaytirish va foydalanishda qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari, amaldagi normalar va qoidalarning bajarilishini nazorat qiladi va tekshiradi;

elektr aloqa tarmoqlarining umumiy foydalanishdagi aloqa tarmoqlariga ulanishi qoidalarining, jumladan ulanish shartlarining bajarilishini nazorat qiladi, o‘rganadi va tekshiradi;

radioelektron vositalarni, yuqori chastotali qurilmalarni va telekommunikatsiya tizimlarini O‘zbekiston Respublikasi hududida sotib olish (berish) hamda chet eldan olib kelish tartibini, pochta va telekommunikatsiyalar tarmoqlari va inshootlarida sertifikatlashtirilgan asbob-uskunalar qo‘llanishini nazorat qiladi, o‘rganadi va tekshiradi;

radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarning elektromagnit moslashuvchanligini ta’minlash bo‘yicha  tashkiliy-texnik tadbirlar bajarilishi ustidan nazorat, tekshiruv va monitoring olib boradi;

radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalar radionurlanishlari parametrlari, radiochastota spektridan foydalanish qoidalariga rioya qilinishi ustidan nazorat, tekshiruv va monitoring olib boradi, aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, radiochastota spektridan foydalanish va elektron raqamli imzo sohasida monitoringni olib borish, huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga chek qo‘yish masalalarida huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa organlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;

jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha  qonun hujjatlarida belgilangan ichki nazorat qoidalariga pochta aloqasi operatorlari, provayderlari rioya etishini belgilangan tartibda monitoring qiladi, o‘rganadi, tekshiradi va nazorat qiladi;

pochta aloqasi xizmatlari tashkil etilishini, pochta jo‘natmalarini va pul summalarini saqlash ta’minlanishini, pochta jo‘natmalari qabul qilish, qayta ishlash, topshirish texnologiyalariga rioya etilishini va ularning belgilangan nazorat muddatlarida o‘tkazilishini o‘rganadi va tekshiradi;

aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida qo‘llanadigan o‘lchash vositalarini tekshirish va kalibrlash tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;

telekommunikatsiyalar, pochta aloqasi, teleradioeshittirish tarmoqlarida va axborot tizimlarida axborot xavfsizligini ta’minlash ishlarining xo‘jalik  yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishi yuzasidan nazoratni, o‘rganishni va tekshiruvni tashkil etadi;

aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qo‘yish bo‘yicha  kompleks tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlaydi;

monitoring va tekshirishlar natijalari bo‘yicha  aniqlangan qoidabuzarliklar haqida tegishli qarorlar qabul qiladi, ko‘rsatmalar beradi va ularni bartaraf etish muddatlarini belgilaydi, shuningdek, litsenziya beradigan organga xo‘jalik yurituvchi subyektlar litsenziyalarining amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish to‘g‘risida takliflar kiritadi, Davlat inspeksiyasi vakolatlariga kirmaydigan qoidabuzarliklar bo‘yicha materiallarni belgilangan tartibda tegishli vakolatli organlarga beradi;

o‘tkazilgan nazorat natijalarini tahlil qiladi va umumlashtiradi, aniqlangan kamchiliklar va qoidabuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi, ularni tegishli davlat organlariga ko‘rib chiqish uchun kiritadi;

aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xo‘jalik  yurituvchi subyektlar tomonidan axborot xavfsizligini, shu jumladan foydalanilishi cheklangan axborotning himoyalanishini ta’minlash, axborotni kriptografik himoyalash sohasidagi faoliyat turi bo‘yicha  litsenziya bitimlari va mahsulotlarni sertifikatlash shartlariga rioya etish masalalari borasida davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;

amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq ma’muriy jazo choralarini qo‘llaydi;

  1. o‘z vakolati doirasida pochta aloqasi, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalari xizmatlarining sifatli taqdim etilishi, davriy bosma nashrlar, fonogrammalar, audiovizual asarlar va EHM uchun dasturlar tarqatilishida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish choralarini ta’minlash yuzasidan nazorat sohasida:

            respublika hududida joylashgan aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xo‘jalik  yurituvchi subyektlarda pochta aloqasi, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, davriy matbuot nashrlarini tarqatish xizmatlari parametrlari va sifat ko‘rsatkichlarining amaldagi normalarga muvofiqligi yuzasidan monitoring, tekshiruv va nazorat o‘tkazadi;

texnik vositalar va axborot tizimlari orqali telekommunikatsiyalar tarmoqlari xizmatlarining parametrlari va sifat ko‘rsatkichlarining muvofiqligini o‘lchaydi va monitoring olib boradi;

pochta aloqasi, telekommunikatsiyalar va davriy bosma nashrlarni tarqatish xizmatlarini hamda davlat va xo‘jalik  boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan, shuningdek, tashkiliy-huquqiy shakli va idoraviy mansubligidan qat’i nazar, boshqa tashkilotlar va idoralar tomonidan elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish masalalari bo‘yicha  yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlarini zarur holatlarda joyiga borib hamda tegishli hujjatlarni o‘rgangan holda qonun hujjatlariga muvofiq ko‘rib chiqadi;

vakolatli davlat organlari tomonidan tartibga solinadigan tariflar ro‘yxatiga kiruvchi pochta aloqasi va telekommunikatsiyalar xizmatlariga tariflarning to‘g‘ri qo‘llanilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshiradi;

ko‘rsatiladigan xizmatlar, tariflar, xizmatlar ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risidagi axborotning, aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy matbuot nashrlarini tarqatish sohasida xo‘jalik  yurituvchi subyektlarning ish tartibi va ularni tartibga soluvchi boshqa axborotlarning mavjudligi va foydalanuvchilar uchun tushunarliligini, shuningdek, ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmining to‘liqligi va muddatlarini nazorat qiladi;

O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy ommaviy axborot vositalarining teleradiomahsulotlarini va davriy nashrlarini tarqatish tartibiga rioya qilinishini belgilangan tartibda nazorat qiladi, o‘rganadi va tekshiradi;

pochta aloqasi, telekommunikatsiyalar va davriy matbuot nashrlarini tarqatish xizmatlari sifati bo‘yicha  statistik hisobotlarning ishonchliligiga rioya etilishini nazorat qiladi va tekshiradi;

hisoblangan moliyaviy sanksiyalar (jarimalar)ning belgilangan muddatlarga rioya qilingan holda to‘lanishi va to‘lanayotgan moliyaviy sanksiyalar (jarimalar)ning summasi to‘g‘riligini nazorat qiladi;

aloqa mahsulotlari sifatiga va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishga, telekommunikatsiyalar vositalari parametrlariga, radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalar radionurlanishlariga tegishli normativ-huquqiy hujjatlar, texnik reglamentlar, standartlar, texnik shartlar, qoidalar, yo‘riqnomalar, litsenziya talablari va shartlari loyihalarini ko‘rib chiqadi va ular bo‘yicha  xulosalar beradi;

aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida normativ-huquqiy hujjatlar, texnik reglamentlar, standartlar, normalar, qoidalar va boshqa normativ hujjatlarni ishlab chiqish, qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha  buyurtmachi funksiyalarini bajaradi;

  1. fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlar tarqatish (sotish, ijaraga berish, barchaning e’tiboriga yetkazish)da mualliflik huquqlari sohasidagi qonun hujjatlariga va normativ hujjatlarga rioya qilinishi yuzasidan nazorat sohasida:

faoliyatni amalga oshirishda litsenziya bitim talablari va shartlarining xo‘jalik  yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishini nazorat qiladi, o‘rganadi va tekshiradi;

fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlarni tarqatishda mualliflik huquqlariga rioya etilishini o‘rganadi, monitoring qiladi va tekshiradi, uning yakunlari bo‘yicha  tegishli xulosalar tayyorlaydi;

audiovizual asarlar, fonogrammalar va EHM uchun dasturlarni sotish, ijaraga berish va barchaning e’tiboriga yetkazish bo‘yicha  faoliyatni amalga oshiradigan xo‘jalik  yurituvchi subyektlarni tekshirish natijalarini tahlil qiladi va umumlashtiradi hamda tahliliy materiallarni O‘zbekistan Respublikasi Intellektual mulk agentligiga taqdim etadi;

Internet tarmog‘ida mualliflik huquqi obyektlari noqonuniy tarqalishini (barchaning e’tiboriga yetkazilishini) bartaraf etish choralarini ko‘radi;

  1. normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarida, shuningdek, boshqa tashkilotlar va idoralarda “Elektron hukumat” tizimida infratuzilmani rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishni nazorat qilish sohasida:

davlat va xo‘jalik  boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarida, shuningdek, aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasi korxonalari va tashkilotlarida “Elektron hukumat” tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish jarayonlarini belgilangan tartibda o‘rganadi, monitoring qiladi va tekshiradi;

“Elektron hukumat” tizimida davlat va xo‘jalik  boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasining joriy holatini o‘rganadi va tekshiradi;

davlat va xo‘jalik  boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida, shuningdek, boshqa tashkilot va idoralarda aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablari bajarilishini nazorat qiladi;

davlat va xo‘jalik  boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida, shuningdek, boshqa tashkilotlar va idoralarda axborot resurslari va elektron davlat xizmatlarining mavjudligi hamda ulardan foydalanishning imkoni yaratilganligi ustidan monitoring va tekshiruv olib boradi;

  1. ish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, integratsiyalashgan axborot tizimlarini, ma’lumotlar uzatish va almashishning idoralararo tarmoqlarini joriy etish va ulardan foydalanish, davlat axborot resurslari integratsiyasi, shu jumladan elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish samaradorligi yuzasidan nazorat sohasida:

ish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, integratsiyalashgan axborot tizimlari, ma’lumotlar uzatish va ma’lumotlar almashishning idoralararo tarmoqlarini joriy etish hamda ulardan foydalanish, davlat axborot resurslari integratsiyasi holatini tahlil qiladi, baholaydi va tekshiradi;

davlat va xo‘jalik  boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish jarayonlari ustidan olib borilgan monitoring va tekshiruv natijalarini tahlil qiladi va umumlashtiradi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha  tegishli xulosa va takliflar tayyorlaydi;

davlat va xo‘jalik  boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining holati va ularni rivojlantirish to‘g‘risida axborotlarning ishonchliligi ta’minlanishi va o‘z vaqtida taqdim etilishini o‘rganadi, tekshiradi va monitoringini olib boradi;

  1. “oxirgi milya ” tamoyili bo‘yicha  Internet tarmog‘idan keng polosali foydalanishni, multiservis aloqa tarmoqlari texnologiyalarini, mobil aloqa bozorini, boshqa zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini, shuningdek, pochta aloqasi xizmatlarini va davriy bosma nashrlar tarqatishni kengaytirish yo‘li bilan telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan nazorat sohasida:

qonun hujjatlariga muvofiq telekommunikatsiya tarmoqlari, axborotlashtirish tizimlari va vositalari yaratilishi va ishlatilishi bo‘yicha  xo‘jalik  yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshiradi, o‘rganadi va nazorat qiladi;

aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari tarmoqlarining yangidan ko‘riladigan va qayta ko‘riladigan obyektlarini foydalanishga qabul qilib olish komissiyalarida qatnashadi.

Davlat inspeksiyasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.

§ 2. Davlat inspeksiyasi markaziy apparatining vazifalari va funksiyalari

  1. Quyidagilar Davlat inspeksiyasi markaziy apparatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
  1. hududiy inspeksiyalar bilan birgalikda Davlat inspeksiyasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarning samarali bajarilishini ta’minlash;
  2. hududiy inspeksiyalarni rivojlantirishga ko‘maklashish va ularni rivojlantirish istiqbollarini belgilash;
  3. Davlat inspeksiyasiga yuklangan vazifalarni bajarishda boshqa vazirliklar va idoralar bilan o‘zaro hamkorlikni tashkil qilish va hududiy inspeksiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;
  4. aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, axborot xavfsizligi hamda mualliflik huquqini himoya qilish sohasidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli ta’lim muassasalarida, shuningdek, respublika vakolatli organlarining ixtisoslashgan o‘quv yurtlarida Davlat inspeksiyasi xodimlari qayta tayyorlanishini va malakasi oshirilishini tashkil etish.

 

  1. Davlat inspeksiyasining markaziy apparati o‘ziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
  1. hududiy inspeksiyalar bilan birgalikda Davlat inspeksiyasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalar bajarilishini ta’minlaydi;
  2. olib boriladigan nazorat, tekshiruv va o‘rganish natijalarini tahlil qiladi hamda umumlashtiradi, aniqlangan kamchiliklar va qoidabuzarliklarini bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi, ularni ko‘rib chiqish uchun tegishli davlat organlariga kiritadi;
  3. monitoring va tekshirishlar natijalari bo‘yicha  aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan tegishli qarorlar, ularni bartaraf etish muddatlari belgilangan ko‘rsatmalar, xo‘jalik  yurituvchi subyektlar litsenziyalarining amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish to‘g‘risida takliflar, shuningdek, Davlat inspeksiyasi vakolatlariga kirmaydigan qoidabuzarliklar bo‘yicha  materiallarni belgilangan tartibda tegishli vakolatli organlarga topshirish uchun tayyorlaydi;
  4. aloqa sifatiga va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishga, telekommunikatsiya vositalari parametrlariga, radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalar radionurlanishlariga tegishli normativ-xuquqiy hujjatlar, texnik reglamentlar, standartlar, texnik shartlar, qoidalar, yo‘riqnomalar, litsenziya talablari va shartlari loyihalarini ko‘rib chiqadi va ular bo‘yicha  taklif tayyorlaydi;
  5. davlat va xo‘jalik  boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarida, shuningdek, boshqa tashkilotlar va idoralarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining holati hamda uni rivojlantirish bo‘yicha hududiy inspeksiyalar tomonidan taqdim etiladigan hisobotlar va axborotlarning ishonchliligini o‘rganadi.

Davlat inspeksiyasining markaziy apparati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajarishi mumkin.

§ 3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy inspeksiyalarining vazifalari va funksiyalari

13. Hududiy inspeksiyalar tegishli hududda Davlat inspeksiyasiga yuklangan va ushbu Nizom bilan belgilangan vazifalar hamda funksiyalarning samarali bajarilishini amalga oshiradi.

Bundan tashqari, hududiy inspeksiyalar:

1) yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish doirasida yillik, choraklik va oylik ish rejalarini ishlab chiqadi hamda belgilangan tartibda Davlat inspeksiyasi bilan kelishadi;

2) aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlarni tarqatishda mualliflik huquqlari sohasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida belgilangan tartibda hisobot va axborotlarni taqdim etadi;

3) Davlat inspeksiyasi ish rejalarini tayyorlashda qatnashadi;

4) aholini ommaviy axborot vositalari orqali Davlat inspeksiyasining maqsadlari, vazifalari va amalga oshirilayotgan faoliyatining aniq natijalari to‘g‘risida muntazam xabardor qilib boradi.

Hududiy inspeksiyalar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.

4-bob. Davlat inspeksiyasi va hududiy inspeksiyalarning huquqlari va javobgarligi

§ 1. Davlat inspeksiyasining huquqlari va javobgarligi

14. Davlat inspeksiyasi o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:

1) aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, shuningdek, davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasidagi qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablari va ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati buzilishi faktlari to‘g‘risida ma’lumotlar olish va aniqlash;

2) aloqa, axborotlashtirish, telekommunikatsiya texnologiyalari, audiovizual asarlar, fonogrammalar va EHM uchun dasturlarni, davriy bosma nashrlarni tarqatish (sotish, ijaraga berish va barchaning e’tiboriga yetkazish) sohasida faoliyat yuritadigan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirishning holatini o‘rganish va tekshirish;

3) aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga, ular tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar, texnik reglamentlar, standartlar, normalar talablari va taqdim etilayotgan xizmatlar sifati buzilgan holda belgilangan tartibda moliyaviy sanksiyalar (jarimalar)ni hisoblash to‘g‘risida qaror qabul qilish;

4) davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar va idoralardan o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan axborotlar, hujjatlar, ma’lumotnomalar va boshqa materiallarni so‘rash va olish;

5) aloqa, axborotlashtirish, va telekommunikatsiya texnologiyalari, radiochastota spektridan foydalanish va davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasidagi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va bayonnomalar tuzish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish doirasida qonun hujjatlarining pochta aloqasi operatorlari, provayderlari tomonidan buzilishi holatlari aniqlangan taqdirda esa, ushbu holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tegishli davlat nazorati organlariga belgilangan tartibda yuborish;

6) fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlarni tarqatishda mualliflik huquqlari sohasidagi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalarni tuzish va ko‘rib chiqish uchun sudga yuborish;

7) zarur hollarda, aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi masalalarni tekshirish, o‘rganish va ko‘rib chiqishda qatnashish uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, ilmiy-tadqiqot muassasalarining mutaxassislari va ekspertlarini jalb etish, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qilish;

8) aloqa, axborotlashtirish, va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlardan, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan Davlat inspeksiyasi vakolatiga tegishli masalalar bo‘yicha zarur ma’lumotlar, materiallar va hisobotlarni talab qilish;

9) vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlardan, shu jumladan ilmiy-tadqiqot muassasalari va laboratoriyalardan o‘z vakolatlarini amalga oshirish uchun aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasidagi texnik hujjatlar, qoidalar, vositalarning ish normalarini olish;

10) O‘zbekiston Respublikasi hududida radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish monitoringini olib borish;

11) ekspert xulosasini olish uchun tekshirish va monitoring natijalarini vakolatli organlarga taqdim etish;

12) aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi vositalar va inshootlarning texnik holatini, ulardan texnik foydalanish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish;

13) aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida qurilish normalari va qoidalari buzilgan holda olib borilayotgan qurilish ishlarini aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar to‘xtatib turish;

14) litsenziya bitimlari talab va shartlari xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan buzilgan holatlarda ularga ogohlantirishlar berish;

15) tashkiliy-huquqiy shaklidan va idoraviy mansubligidan qat’i nazar xo‘jalik yurituvchi subyektlarga, yuridik va jismoniy shaxslarga, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirishning borishida qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslariga davlat nazorati doirasida olib borilgan o‘rganishlar, monitoring, tekshirishlar natijasida aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish;

16) texnik vositalar va axborot tizimlari orqali telekommunikatsiyalar tarmoqlari xizmatlarining sifatini o‘lchash va monitoringini olib borish.

Davlat inspeksiyasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

15. Davlat inspeksiyasi:

1) o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi va taqdim etiladigan tahliliy hujjatlarning xolisonaligi va kompleksliligi;

2) o‘z vakolatiga kirmaydigan qoidabuzarliklar bo‘yicha ma’lumotlarning vakolatli organlarga o‘z vaqtida taqdim etilishi;

3) aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlarni tarqatishda mualliflik huquqlari sohasida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi va ularning himoyasi ta’minlanishi;

4) aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlarni tarqatishda mualliflik huquqlari sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari bajarilishi yuzasidan nazoratning ta’minlanishi uchun javob beradi.

§ 2. Davlat inspeksiyasi markaziy apparatining huquqlari va javobgarligi

16. Davlat inspeksiyasining markaziy apparati o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun Davlat inspeksiyasining huquqlari bilan bir qatorda quyidagi huquqlarga ham ega:

1) aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi va normativ-huquqiy hujjatlar, texnik reglamentlar, standartlar talablari va ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati, respublika hududida foydalaniladigan telekommunikatsiya vositalari, radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalar radionurlanishlari parametrlarining muntazam ravishda buzilishiga yo‘l qo‘yayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ayrim qurilmalari va texnologik uchastkalari ishini aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida qaror chiqarish;

2) radionurlanishlar normasi va parametrlari buzilganda, shu jumladan televideniye va radioeshittirish dasturlarini qabul qilishda to‘sqinlik qilishga olib kelgan holatlarda radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanishga berilgan ruxsatnomalarning amal qilishini aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgungacha 10 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib qo‘yish;

3) litsenziya bitimlarining talab va shartlari buzilganligi uchun litsenziyalarning amal qilishini tugatish va to‘xtatib turish, ularni bekor qilish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;

4) aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, mualliflik huquqlari sohasida faoliyatni amalga oshirishga litsenziya olish uchun ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlardagi ma’lumotlarning ishonchliligini tekshirish;

5) hududiy inspeksiyalardan Davlat inspeksiyasining markaziy apparatida ko‘rib chiqiladigan masalalarni, shuningdek, normativ hujjatlar loyihalarini tahlil qilish va o‘rganish uchun zarur bo‘lgan materiallar va ma’lumotlarni so‘rash va olish;

6) zarur bo‘lganda, Davlat inspeksiyasida ko‘rib chiqiladigan masalalarni o‘rganish, axborot va tahliliy materiallarni, shuningdek, normativ hujjatlar loyihalarini tayyorlash uchun hududiy inspeksiyalar rahbarlari hamda vakillarini jalb qilish, ushbu maqsadlar uchun ekspert va ishchi guruhlar tuzish;

7) hududiy inspeksiyalardan ular tomonidan kiritilgan normativ hujjatlar loyihalari qayta ishlab chiqilishini talab qilish, zarur bo‘lganda, ularni puxtalashtirish uchun qaytarish;

8) hududiy inspeksiyalar rahbarlari hamda vakillari ishtirokida yig‘ilishlar o‘tkazish;

9) hududiy inspeksiyalarga Davlat inspeksiyasiga yuklangan hamda tezkor hal etishni talab etadigan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha belgilangan tartibda topshiriqlar berish;

10) hududiy inspeksiyalar normativ-huquqiy hujjatlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlari, shuningdek, Davlat inspeksiyasi va uning rahbariyati hujjatlari hamda topshiriqlarini bajarish bo‘yicha faoliyatini belgilangan tartibda o‘rganish hamda tekshirish;

11) aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlarni tarqatishda mualliflik huquqlari sohasidagi qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari buzilishlari bilan bog‘liq materiallarni vakolatli organlar va huquqni muhofaza qilish organlariga belgilangan tartibda yuborish.

Davlat inspeksiyasining markaziy apparati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

 

17. Davlat inspeksiyasining markaziy apparati quyidagilar uchun mas’ul:

1) hududiy inspeksiyalar bilan birgalikda Davlat inspeksiyasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini, taqdim etiladigan tahliliy hujjatlarning xolisligini va kompleksliligini ta’minlash;

2) Davlat inspeksiyasi tomonidan kiritiladigan, shuningdek, o‘zi tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni sifatli tayyorlash va ekspertizadan o‘tkazish;

3) markaziy apparat va hududiy inspeksiyalar tomonidan aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlarni tarqatish sohasida qonun hujjatlariga, normativ hujjatlar va davlat standartlariga rioya qilinishini nazorat qilish bo‘yicha dasturlar, tadbirlar rejalari, “yo‘l xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlar amalga oshirilishini tashkil qilish;

4) markaziy apparat va hududiy inspeksiyalar xodimlari rezervini shakllantirish.

§ 3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy inspeksiyalarning huquqlari va javobgarligi

18. Hududiy inspeksiyalar o‘zlariga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun Davlat inspeksiyasining huquqlari bilan bir qatorda quyidagi huquqlarga ham ega:

1) davlat va xo‘jalik boshqaruvi hududiy organlaridan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan hududiy inspeksiyalarning vakolatiga kiradigan masalalarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan axborotni belgilangan tartibda so‘rash va olish;

2) davlat va xo‘jalik boshqaruvi hududiy organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga hududiy inspeksiyalar vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish uchun kiritish;

3) Davlat inspeksiyasi hay’ati va ilmiy-texnik kengashi ishida qatnashish;

4) Davlat inspeksiyasi topshirig‘iga ko‘ra aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlarni tarqatishda mualliflik huquqlari sohasidagi masalalar bo‘yicha yig‘ilishlar va seminarlar tashkil qilish va o‘tkazish;

5) hududiy inspeksiyalarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash bo‘yicha takliflar kiritish;

6) aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlarni tarqatishda mualliflik huquqlari sohasidagi qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari buzilishlari bilan bog‘liq materiallarni vakolatli organlar va huquqni muhofaza qilish organlariga belgilangan tartibda yuborish;

7) Davlat inspeksiyasiga hududiy inspeksiyalarning rahbarlari va xodimlari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil qilish bo‘yicha takliflar berish;

8) hududiy inspeksiyalarga malakali va qobiliyatli yosh xodimlarni jalb qilish.

Hududiy inspeksiyalar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

 

19. Hududiy inspeksiyalar quyidagilar uchun mas’ul:

1) hududiy inspeksiyalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;

2) o‘z vakolatiga kirmaydigan masalalar bo‘yicha aniqlangan kamchiliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni vakolatli organlarga o‘z vaqtida taqdim etish;

3) aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlarni tarqatishda mualliflik huquqlari sohasida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini va ularga rioya etilishini ta’minlash;

4) aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlarni tarqatishda mualliflik huquqlari sohasidagi qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari bajarilishi yuzasidan nazoratni ta’minlash;

5) Davlat inspeksiyasiga kiritiladigan hujjatlar va takliflarning loyihalarini ishlab chiqish sifati, yakuniy natijalari va amalga oshirish oqibatlari;

6) Davlat inspeksiyasining markaziy apparati bilan birgalikda aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlarni tarqatishda mualliflik huquqlari sohasida qonunchilikka rioya qilinishi yuzasidan nazoratni ta’minlash bo‘yicha dasturlar, tadbirlar rejalari, “yo‘l xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlarning samarali amalga oshirilishi.

Inspeksiya yangiliklari

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari xizmatlari iste'molchilarining...

Joriy yilning 23-avgust kuni Buxoro viloyati Jondor tuman hokimligining majlislar zalida O‘...

O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat...

Soha yangiliklari

Chexiya axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik xizmati mamlakat Tashqi ishlar vazirligi...

Honda Motor Company ga tegishli 134 million mahfiy ma’lumot ElasticSearch himoyalanmagan ma’lumotlar...

NVIDIA kompaniyasi mutaxassislari Windows drayverlarida jami 5ta GeForce (430.60dan quyida bo‘lgan...

E'lonlar

21.08.2019-yil soat 00:00 dan 06:00 gacha texnik ishlar olib borilishi sababli Termiz shahrida...

“UMS” MChJ xabariga ko‘ra, kompaniya mutaxassislari tomonidan 2019-yil 20 – 21-avgust kunlari soat 00:00...

“UMS” MChJ xabariga ko‘ra, kompaniya mutaxassislari tomonidan billing va tarmoq infratuzilmalarida...