Virtual qabulhona Fuqarolar murojaatlari Ishonch telefoni Tadbirkorlik
subektlariga
facebook twitter Vkontakte

Litsenziya berish tartib va shartlari


Telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni litsenziyalash O’zbekiston Respublikasining litsenziyalash to’g’risidagi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.

Telekommunikatsiya sohasida yuridik shaxslarning faoliyatini litsenziyalash O’zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 22 noyabrdagi “Telekommunikatsiyalar va pochta aloqasi sohasidagi boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 458- son qarori bilan tasdiqlangan “Telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni litsenziyalash to‘g‘risida Nizom”ga muvofiq amalga oshiriladi.

Telekommunikatsiya sohasida faoliyat yuritish maqsadida litsenziya davogari arizalarini qabul qilish va ro’yxatga olish, litsenziya kelishuvlari va litsenziyalarni rasmiylashtirish, shuningdek Litsenziyalash masalasi bo’yicha Ekspert komissiyasining yig’lishlari o’tkazishini tashkillashtirish O’zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligining Litsenziyalash va litsenziya shartnomalari ijrosini tahlil qilish bo'limi (LLShITQB) tomonidan amalga oshiriladi.

Ekspert komissiyaning yig‘ilishi kamida bir oyda bir marta o‘tkaziladi.

Telekommunikatsiyalar quyidagi turlarining ya`ni:

·           mahalliy tarmoqlar;

·           shaharlararo tarmoqlar;

·           xalqaro tarmoqlar;

·           ko’chma radiotelefon aloqa tarmoqlari;

·           ma’lumotlar uzatish tarmoqlari;

·           teleradioeshittirishlarni tarqatish (translyatsiya qilish) tarmoqlari loyihalashtirilishi, qurilishi, ulardan foydalanish va ularning xizmatlar ko’rsatishi litsenziyalanishi shart.

Litsenziya har bir litsenziyalanadigan faoliyat turi uchun alohida beriladi. Litsenziya da’vogarining arizasiga muvofiq litsenziya litsenziyalanayotgan faoliyat turining bir qismiga (qismlariga) berilishi mumkin.

Yuridik shaxs bo‘lmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar (yakka tartibdagi tadbirkorlar)ning telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini amalga oshirishi taqiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 20 dekabrdagi “Teleradioeshittirish sohasida radiochastota spektridan samarali foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 592- son qarori bilan tasdiqlangan “Radiochastotalarni tanlov yo‘li bilan taqsimlash va teleradioeshittirish sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqiga yakka tartibdagi litsenziyalar berish tartibi to‘g‘risida Nizom”ga muvofiq televidenie ko‘rsatuvlari va radioeshittirishlarni tarqatish (translyatsiya qilish) sohasida (asosiy faoliyati davlat televidenie radiodasturlarini shakllantirish va tarqatish (translyatsiya qilish) hisoblangan yoki ustav fondida mulkning davlat ulushi 50 foizdan tashkil etadigan korxonalardan tashqari) faoliyatni amalga oshirish huquqiga yakka tartibdagi litsenziyalar berish tanlov asosida amalga oshiriladi.

Litsenziyalarning amal qilish muddatlari.

Mahalliy, shaharlararo, xalqaro tarmoqlar, ko‘chma radiotelefon aloqa, tarmoqlar loyihalashtirilishi, qurilishi, ulardan foydalanish va kommunikatsiyalar xizmatlari ko‘rsatishga litsenziyalar 15 yilgacha bo‘lgan muddatga, biroq kamida 5 yil muddatga beriladi. Bunda xalqaro tarmoqlarini loyihalashtirilishi, qurilishi, ulardan foydalanish va telekommunikatsiyalar xizmatlari ko‘rsatishga mazkur Nizomga muvofiq birinchi marta berilgan yakka tartibdagi litsenziyaning amal qilish muddati 5 yildan ortiq bo‘lmaydi.

Litsenziya olish uchun zarur hujjatlar.

Litsenziya olish uchun litsenziya da’vogari litsenziyalovchi organga quyidagilarni taqdim etadi:

a) litsenziya berish to‘g‘risida belgilangan shakl bo‘yicha ariza, unda:

yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan yeri (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bank muassasasidagi hisob raqami;

yuridik shaxs amalga oshirishni mo‘ljallagan faoliyatning litsenziyalanayotgan turi (uning bir qismi) hamda faoliyatning mazkur turi amalga oshiriladigan muddat ko‘rsatiladi;

b) yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;

v) litsenziyalovchi organ litsenziya da’vogarining arizasini ko‘rib chiqishi uchun litsenziya da’vogari eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida yig‘im to‘laganligini tasdiqlovchi hujjat;

d) quyidagilar:

telekommunikatsiyalar tarmoqlarini ishlatish va (yoki) ular xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziya olishda — telekommunikatsiyalar asosiy texnik vositalarining (mulk huquqida yoki boshqa qonuniy asosda mavjud bo‘lgan) tavsifi, radiochastotalarning diapazonlari va nominallari (ulardan foydalanishda) ko‘rsatilgan holda ularning ro‘yxati;

telekommunikatsiyalar tarmoqlarini loyihalashtirish va (yoki) qurish uchun litsenziya olishda — loyihalashtirish, qurilish ishlarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan texnik vositalar (mulk huquqida yoki boshqa qonuniy asosda mavjud bo‘lgan) va normativ-huquqiy hujjatlarning ro‘yxati.

e) tarmoqni tashkil etish rejasi va rivojlantirish prognozi, belgilangan shakl bo‘yicha bajariladigan ishlarga qarab boshqa zarur ma’lumotlar (abonentlar, shaharlararo portlar, xalqaro stansiyalar, ma’lumotlarni uzatish tizimlari va tarmoqlari, qoplash zonalari soni va telekommunikatsiyalarning aniq tarmoqlari yoki inshootlari uchun boshqa parametrlar);

j) litsenziya talabgori tomonidan telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatning ayrim turlariga litsenziya olish uchun qo‘yiladigan talablar va shartlar bajarilishi imkoniyatini tasdiqlovchi hujjatlar:

sanitariya, yong‘in normalari va ob’ektni qo‘riqlash talablariga muvofiqlik to‘g‘risida tegishli organlarning xulosasi;

O‘zbekiston Respublikasining radiochastotalaridan foydalanish va ularni nazorat qilish bo‘yicha organlarning berilgan chastotalardan foydalanish imkoniyati, uzatuvchi qurilmalar quvvati to‘g‘risidagi ma’lumotlar (radioaloqa vositalaridan foydalanish bilan bog‘liq faoliyatga litsenziya olishda);

boshqa shaxsga tegishli asbob-uskunadan foydalanish mo‘ljallanayotgan taqdirda ushbu asbob-uskuna ijaraga olinganligi (foydalanilganligi)ni tasdiqlovchi hujjat taqdim etiladi. Tasdiqlash shartnoma yoki uning belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasini taqdim etish tarzida bo‘lishi mumkin;

telekommunikatsiyalar tarmoqlarini loyihalashtirish va (yoki) qurish uchun litsenziya olishda — oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomning, telekommunikatsiyalar tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish bo‘yicha mutaxassislar mehnat daftarchasining nusxalari.

O‘z tarmog‘ini yaratish huquqisiz ma’lumotlarni uzatish tarmoqlari, shu jumladan Internet, ma’lumotlarni uzatish operatorlari tarmog‘i orqali provayder xizmatlari ko‘rsatishga litsenziya olishda «g»«d» va «ye» kichik bandlarida nazarda tutilgan hujjatlar taqdim etilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi hududidan uchinchi mamlakatlarga xorijiy tele va radio stansiyalarning dasturlarini retranslyatsiya qilish uchun litsenziya berish to‘g‘risida ariza berilganda xalqaro bitimlarning tegishli shartlariga muvofiq qo‘shimcha hujjatlar talab etiladi.

Litsenziya da’vogari radiochastotalarni taqsimlash va teleradioeshittirish sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqiga yakka tartibdagi litsenziyalar olishga tanlovda ishtirok etish uchun Axborot faoliyati hamda ma’lumotlar uzatishni takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtiruvchi komissiya (IMK)ga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

a) yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning notarial tasdiqlangan nusxasi;

v) tanlov takliflarining ko‘rib chiqilishi uchun litsenziya talabgori tomonidan yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat;

g) litsenziya talabgori tomonidan zakolat to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat;

d) teleradiodasturlarni tarqatish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish jarayoni bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan xodimlarning malakasini tasdiqlovchi hujjatlar (diplomlar, guvohnomalar, sertifikatlar);

ye) ijodiy, texnik va moliyaviy takliflarni, shuningdek teleradiodasturlarni ko‘rsatish va eshittirishning rejalashtirilayotgan setkasini, o‘z dasturlarini eshittirish hajmlari va tanlov majburiyatlarini o‘z ichiga oladigan eshittirishlarning mufassal konsepsiyasi;

j) tegishli organlarning teleradioeshittirishlar ob’ektlarining sanitariya, yong‘in normalari va ob’ektni qo‘riqlash tadbirlari talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosasi;

z) teleradioeshittirishlarni tashkil etish uchun mo‘ljallangan asbob-uskunalardan foydalanishga huquqni tasdiqlovchi hujjatlar, agar ushbu huquq boshqa shaxsga tegishli bo‘lgan taqdirda (ijara shartnomasi va boshqalar).

Javobgarlik

Noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarni taqdim etganlik uchun litsenziya da’vogari qonunga muvofiq javob beradi.

Litsenziya berish to’g’risidagi arizani ko’rib chiqish va litsenziyani berish

Litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya da’vogarining arizasi ko‘rib chiqilganligi uchun faoliyatning har bir turi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida belgilangan eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida yig‘im undiriladi.

Litsenziya da’vogari bergan arizasidan voz kechgan yoki litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya berish rad etilgan taqdirda to‘langan yig‘im summasi qaytarilmaydi.

Litsenziya berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risidagi qarorni litsenziyalovchi organ barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda litsenziya da’vogarining arizasi olingan kundan boshlab yigirma kundan kechikmay qabul qiladi.

Litsenziya berish yoki litsenziyaning amal qilish muddati uzaytirilishi rad etilishining sabablari quyidagilar bo‘lishi mumkin:

litsenziya da’vogarining hujjatlarni lozim tarzda rasmiylashtirmay taqdim etishi;

litsenziya da’vogari taqdim etgan hujjatlarda noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarning mavjudligi;

litsenziya da’vogarining litsenziya talablari va shartlariga, shuningdek tanlov (tender) shartlariga nomuvofiqligi.

Boshqa asoslarga ko‘ra, shu jumladan litsenziya berish maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan litsenziya berishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Litsenziya talabgori litsenziya berishni rad etish uchun asos bo‘lgan sabablarni bartaraf etgan taqdirda, hujjatlarni takroriy ko‘rib chiqish litsenziya talabgorining barcha zarur hujjatlar bilan birga olgan kundan boshlab o‘n kundan oshmagan muddatda amalga oshiriladi. Arizalarning takroriy ko‘rib chiqilganligi uchun litsenziya talabgorlaridan yig‘im undirilmaydi.

Litsenziya talabgorining arizasini takroriy ko‘rib chiqishda litsenziya berishning litsenziya berish rad etilishi to‘g‘risidagi bildirishnomada ilgari ko‘rsatilmagan yangi asoslar bo‘yicha rad etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Litsenziya berishning rad etilganligi to‘g‘risidagi bildirishnomada ko‘rsatilgan muddat o‘tgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi.

Ekspert komissiyasi olti kundan oshmaydigan muddatda taqdim etilgan hujjatlarni takroran ko‘rib chiqadi va ular bo‘yicha litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida ekspert xulosasini tayyorlaydi.

Litsenziyalovchi organ to‘rt kun muddatda ekspert komissiyasining xulosasi asosida litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Davlat boji

Litsenziya berganlik va litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun davlat boji undiriladi.

Telekommunikatsiyalar sohasidagi davlat boji litsenziyani olish bilan bir vaqtda yoxud har yili teng ulushlarda to‘lanadi, uning miqdori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni amalga oshirish huquqini beradigan litsenziyalarni berganlik uchun davlat boji litsenziyalovchi organning maxsus hisob-kitob raqamiga o‘tkaziladi va ular quyidagicha taqsimlanadi:

50 foizi – Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish budjetdan tashqari jamg‘armasiga yo‘naltiriladi va ulardan qishloq joylarda telekommunikatsiyalarni rivojlantirish va universal xizmatlar ko‘rsatishda ko‘rilgan zararlarni qoplash uchun foydalaniladi;

50 foizi — davlat budjetiga yo‘naltiriladi.

Telekommunikatsiyalar sohasida faoliyat ko‘rsatish huquqini beruvchi litsenziyalar berganlik uchun davlat boji miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 24 oktabrdagi “Telekommunikatsiyalar sohasida faoliyat ko‘rsatish huquqi uchun davlat boji miqdorlarini tasdiqlash to‘g‘risida” 421- son qarori bilan belgilangan.

Litsenzilar reestri

Litsenziyalovchi organ faoliyatning har bir turi uchun alohida litsenziyalar reestrini yuritadi.

Har bir reestrda quyidagilar ko‘rsatiladi:

litsenziat – yuridik shaxsning nomi va uning joylashgan o‘rni (pochta manzili);

telefon (faks) raqami;

bankdagi hisob raqami;

soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami;

litsenziyalarning berilgan sanasi va tartib raqami;

litsenziyalarning amal qilish muddati;

litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilishini to‘xtatib turish va qayta tiklash asoslari va sanalari;

litsenziyalarning amal qilishini to‘xtatish asoslari va sanalari;

litsenziyalarni bekor qilish asoslari va sanalari.

Litsenziyalarning reestrlarida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar litsenziyalovchi organning veb-saytiga joylashtiriladi va tanishib chiqish uchun ochiq bo‘ladi.

Litsenziyalash masalalari bo'yicha savollar tug'ilganda O'zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligining Litsenziyalash va litsenziya shartnomalari ijrosini tahlil qilish bo'limi bilan quyidagilar orqali bog`lanish mumkin:

Tel.: (+998 71) 238-41-37, 238-41-39, 238-41-85  
Faks: (+998 71) 239-87-82  
E-mail: 
deplicense@ mitc.uz 

                                                                       Reglament