Sayt sinov tarzda ishlamoqda

Axborot xizmati

2021

Sohalar

“O‘zbekkino” milliy agentligi mahsulotlarini noqonuniy tarqatgan, mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzgan veb-sayt egasiga chora ko‘rildi

Sana: 17.09.2020

849

2020-yilning iyul oyida O‘zbekiston mualliflik va turdosh huquq egalari birlashmasi tomonidan yo‘llangan murojaat asosida “O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan veb-saytlardan birida “O‘zbekkino” milliy agentligi mahsulotlari noqonuniy ravishda ruxsatsiz tarqatilayotgani aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, sayt egasi tashrif buyuruvchilar, ko‘rishlar sonini oshirish maqsadida “O‘zbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga binoan tasvirga olingan filmlarni noqonuniy ravishda saytiga joylashtirgan va tarqatgan. Fuqaro Qo‘qon shahridan turib faoliyat olib borgani tufayli, Farg‘ona viloyati hududiy inspeksiyasi tomonidan veb-saytning egasiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1771-moddasi (Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzish) bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirilib, Qo‘qon shahar ma’muriy ishlar bo‘yicha sudiga yuborildi. Qo‘qon shahar ma’muriy ishlar bo‘yicha sudining 2020-yil 8-sentabrdagi qaroriga muvofiq fuqaro I.J. ga nisbatan 1771-moddasi (Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzish) bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida ma’muriy jarima jazosi tayinlandi.

Ma’lumot uchun: Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1771-moddasiga ko‘ra asarlardan yoki turdosh huquqlar ob’ektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish, xuddi shuningdek asarlarning yoki turdosh huquqlar ob’ektlarining kontrafakt nusxalarini takrorlash, tarqatish, barchaning e’tiboriga yetkazish yoxud asarlarning yoki turdosh huquqlar obyektlarining nusxalarida ularning tayyorlovchilari haqida, ularni ishlab chiqarish joylari to‘g‘risida, shuningdek mualliflik huquqining va turdosh huquqlarning egalari haqida yolg‘on axborotni ko‘rsatish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining kontrafakt nusxalarini, shuningdek ularni takrorlash hamda tarqatish uchun foydalaniladigan materiallar va uskunalarni hamda boshqa huquqbuzarlik sodir etish qurollarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.