Sayt sinov tarzda ishlamoqda

O'zkomnazorat tarixi

O‘zbekiston Respublikasi axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi tarixi

Davlat aloqa inspeksiyasi davlat organi sifatida Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 16-yanvardagi 13-son qarori va Aloqa Vazirligining buyrug‘i asosida 1991-yilning 1-fevralida tashkil etilgan. Yangi tashkilotning faoliyati pochta va telekommunikatsiya sohasidagi nosozliklar, kamchiliklar, sifat ko‘rsatkichlari hamda ularning standartlar bo‘yicha iste’molchilar talabiga javob berishini nazorat qilishdan iborat bo‘lgan.

Respublikamiz mustaqillikka erishgach:

  • 1992-yil 13-yanvarda “Aloqa to‘g‘risida”gi;
  • 1993-yil 6-mayda “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi;
  • 1993-yil 2-sentabrida “Davlat statistikasi to‘g‘risida”gi;
  • 1993-yil 28-dekabrda “Metrologiya to‘g‘risida”gi va “Mahsulot va xizmatlarni sertifikatlash to‘g‘risida”gi;
  • 1994-yil 6-mayda “Fuqarolar murojaatlari to‘g‘risida”gi bir qator yangi qonunlar qabul qilindi.

 

Shunday qilib, aloqa sohasida ham istiqbolli yangilanishlar davri boshlandi.

1996-yilning 26-apreliga kelib “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 175-son qarori bilan “Aloqa va transport sohasida litsenziyalash nizomi”ning qabul qilinishi sohaning rivojlanishiga yana bir turtki bo‘ldi.

Demokratik jamiyat sari bosqichma-bosqich odimlayotgan mamlakatimiz ana shu jamiyatning asosiy tamoyili va asosi bo‘lmish matbuot erkinligini ta’minlash uchun 1997-yilning 26-dekabrida “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Bu jarayon esa jamiyatni axborot bilan ta’minlash borasida bir qator qonuniy va me’yoriy hujjatlar qabul qilinishiga sabab bo‘ldi, ya’ni litsenziyalash, mahsulot va xizmat sertifikatlash, chet el texnika vositalari olib kelinishi tartiblarining tasdiqlanishi bilan aloqa sohasida yetarli qonuniy asoslar yaratildi.

Bularning barchasi Aloqa inspeksiyasi faoliyatida keskin o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 10-iyuldagi 293-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida pochta va telekommunikatsiyalar xo‘jalik yurituvchi subyektlari faoliyati ustidan davlat nazoratini o‘rnatish bo‘yicha Aloqa inspeksiyasi to‘g‘risidagi yangi nizom tasdiqlandi. Mazkur nizomga ko‘ra Aloqa inspeksiyasi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va farmoyishlariga, butunjahon pochta uyushmasi Konvensiyasi va bitimga, Elektraloqa Xalqaro Uyushmasi tavsiyalariga va boshqa normativ hujjatlarga amal qilgan holda ish olib borishi belgilab qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida” 2012-yil 16-oktabrdagi PF-4475-son Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 2012-yil 23-oktabrdagi PQ-1836-son qaroriga muvofiq, shuningdek Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 19-dekabrdagi 355-son qarori bilan Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizomi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, Inspeksiyaga:

  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida maqsadli yo‘nalishlar va belgilangan normalarga muvofiq infratuzilmani rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishning holati nazorat qilish;
  • pochta va telekommunikatsiyalar, davriy matbuot nashrlarini tarqatish sohasida xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati hamda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida choralar ko‘rish;
  • radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarning loyihalashtirilishi va qurilishi hamda ulardan foydalanishda davlat, tarmoq standartlari, amaldagi normalar, qoidalar bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
  • yuridik va jismoniy shaxslarning ariza va shikoyatlari amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq ko‘rib chiqish hamda davlat organlari tomonidan tartibga solinadigan pochta va telekommunikatsiyalar xizmatlari tariflarining amalda to‘g‘ri qo‘llanilishini tekshirish kabi vazifalarni ijro qilib kelgan.


Keyinchalik sohani jadal rivojlanish, nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, sifatli aloqa va elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 19-fevraldagi PF-5349-son Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2018-yil 19-fevraldagi PQ-3549-son qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Farmon va Qarorini ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha inspeksiya to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2018-yil 1-maydagi 318-son qarorning 2-ilovasi bilan Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha inspeksiyasi to‘g‘risidagi yangi nizom tasdiqlandi.

Mazkur qaror bilan Aloqa inspeksiyasiga fonogramma, audiovizual asarlar tarqatilishida hamda dasturiy mahsulotlarning mualliflik huquqlarini nazorat qilish vakolatlari ham berildi.

2018-yil 21-noyabrda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarining joriy etilishini nazorat qilish, ularni himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-4024-son Qarori qabul qilindi. 

Qarorda: 

  • aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish; 
  • o‘z vakolati doirasida pochta aloqasi, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalari xizmatlarining sifatli taqdim etilishi, davriy bosma nashrlar, fonogrammalar, audiovizual asarlar va EHM uchun dasturlar tarqatilishida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish choralarini ta’minlash ustidan davlat nazoratini amalga oshirish; 
  • fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlar tarqatishda (sotish, ijaraga berish va barchaning e’tiboriga yetkazishda) mualliflik huquqlari sohasidagi qonun hujjatlariga va normativ hujjatlarga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish; 
  • normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, boshqa tashkilot va idoralarda “Elektron hukumat” tizimida infratuzilmani rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish; 
  • ish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, integrallashgan axborot tizimlarini, ma’lumotlar uzatish va almashishning idoralararo tarmoqlarini joriy etish va ulardan foydalanish, davlat axborot resurslari integratsiyasi, shu jumladan, elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish samaradorligi; 
  • “oxirgi milya” tamoyili bo‘yicha Internet tarmog‘idan keng polosali foydalanishni, multiservis aloqa tarmoqlari texnologiyalarini, mobil aloqa bozorini, boshqa zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini, shuningdek, pochta aloqasi xizmatlarini va davriy bosma nashrlar tarqatishni kengaytirish yo‘li bilan telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish Davlat inspeksiyasining asosiy vazifalari etib belgilandi. 

 

2019-yil 14-sentabrda “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarining joriy etilishini nazorat qilish, ularni himoya qilish tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi” PQ-4452-son Qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan “O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasiga Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablarini buzgan axborot sohasi subyektlariga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot berish vazifalari ham yuklandi.