Sayt sinov tarzda ishlamoqda

Harakatlar strategiyasi

2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha
HARAKATLAR STRATEGIYASI

I. Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari
1.1. Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda Oliy Majlis, siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish:

  • davlat hokimiyati tizimida Oliy Majlisning rolini oshirish, uning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish hamda ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish boʻyicha vakolatlarini yana-da kengaytirish;
  • qabul qilinayotgan qonunlarning amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq islohotlari jarayoniga taʼsirini kuchaytirishga yoʻnaltirgan holda qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish;
  • siyosiy tizimni rivojlantirish, davlat va jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, ular oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish.

1.2. Davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish:

  • davlat boshqaruvini markazlashtirishdan chiqarish, davlat xizmatchilarining kasbiy tayyorgarlik, moddiy va ijtimoiy taʼminot darajasini oshirish hamda iqtisodiyotni tartibga solishda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish orqali davlat boshqaruvi va davlat xizmati tizimini isloh qilish;
  • mamlakatni ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha vazifalarni amalga oshirishda oʻzaro manfaatli hamkorlikning samarasini oshirishga qaratilgan davlat-xususiy sheriklikning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish;
  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga oid axborotni taqdim qilishning zamonaviy shakllarini joriy etish;
  • “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish, davlat xizmatlari koʻrsatishning samarasi, sifatini yuksaltirish va bu xizmatdan aholi hamda tadbirkorlik subyektlari tomonidan foydalanish imkoniyatini oshirish.

1.3. Jamoatchilik boshqaruvi tizimini takomillashtirish:

  • xalq bilan muloqotning samarali mexanizmlarini joriy etish;
  • jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish, ijtimoiy sheriklikning samarasini oshirish;
  • fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, ularning ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish;
  • mahalla institutining jamiyat boshqaruvidagi oʻrni va faoliyati samaradorligini oshirish;
  • ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish, jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilish.

II. Qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yana-da isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlari
2.1. Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash, sudning nufuzini oshirish, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirish:

  • sud yalar va sud apparati xodimlarining mavqeyini, moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy taʼminot darajasini oshirish, sudlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
  • sudyalarga gʻayriqonuniy tarzda taʼsir oʻtkazishga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrish;
  • sudning mustaqilligi va begʻarazligi, sud protsessida tomonlarining tortishuvi va teng huquqlik tamoyillarini har tomonlama tatbiq etish;
  • “Xabeas korpus” institutini qoʻllash sohasini kengaytirish, tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish;
  • sudlarni yanada ixtisoslashtirish, sud apparatini mustahkamlash;
  • sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish.

2.2. Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini taʼminlash:

  • fuqarolarning murojaatlarini oʻz vaqtida hal etish, murojaatlarni koʻrib chiqishda sansalorlik, rasmiyatchilik va loqayd munosabatda boʻlish holatlariga yoʻl qoʻyganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash, shuningdek, buzilgan huquqlarni tiklashning barcha zarur choralarini koʻrish;
  • sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini taʼminlash;
  • fuqarolarning xususiy mulkka boʻlgan huquqlarini amalga oshirish kafolatlarini mustahkamlash;
  • fuqarolarning odil sudlovga toʻsqinliksiz erishishini taʼminlash;
  • sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosi samaradorligini oshirish.

2.3. Maʼmuriy, jinoyat, fuqarolik va xoʻjalik qonunchiligini takomillashtirish:

  • jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish va liberallashtirish, alohida jinoiy qilmishlarni dekriminallashtirish, jinoiy jazolar va ularni ijro etish tartibini insonpapvaplashtirish;
  • odil sudlovni amalga oshirish samaradorligi va sifatini oshirish, maʼmuriy, jinoyat, fuqarolik va xoʻjalik sud ish yurituvining protsessual asoslarini takomillashtirish;
  • jinoyat, fuqarolik va xoʻjalik ishlarini koʻrib chiqish tartibini takomillashtirish, bir-birini takrorlaydigan vakolat va instansiyalarni qisqartirish;
  • elektron tartibda sud va ijro ishini yuritishning zamonaviy shakl va usullarini joriy etish.

2.4. Jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini takomillashtirish:

  • jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirishning samaradorligini oshirish;
  • diniy ekstremizm va terrorizmga, uyushgan jinoyatchilikning boshqa shakllariga qarshi kurashish boʻyicha tashkiliy-amaliy choralarni kuchaytirish;
  • korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlarining samaradorligini oshirish;
  • aholining huquqiy madaniyati va ongini yuksaltirish, bu borada davlat tuzilmalarining fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro samarali hamkorligini tashkil etish.

2.5. Sud-huquq tizimida qonuniylikni yana-da mustahkamlash:

  • huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari ishini samarali rejalashtirish va uning natijalarini tahlil qilish, tizimli huquqbuzarliklarni aniqlash hamda ularga imkoniyat yaratayotgan sabab va sharoitlarni bartaraf etish;
  • sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari xodimlarini oʻqitish, tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, rotatsiya qilish tizimini takomillashtirish;
  • huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari xodimlari orasida huquqbuzarliklarni oldini olish, profilaktika qilish va bartaraf etish boʻyicha idoraviy nazoratning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish;
  • huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati mexanizmlari samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquqni muhofaza qilish tizimiga boʻlgan ishonchini mustahkamlash.

2.6. Yuridik yordam va xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish:

  • davlat organlarining yuridik xizmati faoliyati samaradorligini oshirish;
  • advokatura institutini rivojlantirish, jinoyat, fuqarolik, maʼmuriy va xoʻjalik ishlarini koʻrib chiqishda advokatlarning rolini oshirish;
  • notarial va fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlari tizimini isloh qilish.

III. Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yoʻnalishlari

3.1. Makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini saqlab qolish:

  • makroiqtisodiy mutanosiblikni saqlash, qabul qilingan oʻrta muddatli dasturlar asosida tarkibiy va institutsional oʻzgarishlarni chuqurlashtirish hisobiga yalpi ichki mahsulotning barqaror yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash;
  • xarajatlarning ijtimoiy yoʻnaltirilganini saqlab qolgan holda Davlat byudjetining barcha darajalarida mutanosiblikni taʼminlash, mahalliy byudjetlarning daromad qismini mustahkamlashga qaratilgan byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirish;
  • soliq yukini kamaytirish va soliqqa tortish tizimini soddalashtirish siyosatini davom ettirish, soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish va tegishli ragʻbatlantiruvchi choralarni kengaytirish;
  • ilgʻor xalqaro tajribada qoʻllaniladigan instrumentlardan foydalangan holda pul-kredit siyosatini yana-da takomillashtirish, shuningdek valyutani tartibga solishda zamonaviy bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish, milliy valyutaning barqarorligini taʼminlash;
  • bank tizimini isloh qilishni chuqurlashtirish va barqarorligini taʼminlash, banklarning kapitallashuv darajasi va depozit bazasini oshirish, ularning moliyaviy barqarorligi va ishonchliligini mustahkamlash, istiqbolli investitsiya loyihalari hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini kreditlashni yana-da kengaytirish;
  • sugʻurta, lizing va boshqa moliyaviy xizmatlarning hajmini ularning yangi turlarini joriy qilish va sifatini oshirish hisobiga kengaytirish, shuningdek kapitalni jalb qilish hamda korxona, moliyaviy institutlar va aholining erkin resurslarini joylashtirishdagi muqobil manba sifatida fond bozorini rivojlantirish;
  • xalqaro iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, jumladan, yetakchi xalqaro va xorijiy moliyaviy institutlar bilan aloqalarni kengaytirish, puxta oʻylangan tashqi qarzlar siyosatini amalga oshirishni davom ettirish, jalb qilingan xorijiy investitsiya va kreditlardan samarali foydalanish.

3.2. Tarkibiy oʻzgartirishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobiga uning raqobatbardoshligini oshirish:

  • milliy iqtisodiyotning mutanosibligi va barqarorligini taʼminlash, uning tarkibida sanoat, xizmat koʻrsatish sohasi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ulushini koʻpaytirish;
  • ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, ishlab chiqarish, transport-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan faol investitsiya siyosatini olib borish;
  • yuqori texnologiyali qayta ishlash tarmoqlarini, eng avvalo, mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qoʻshimcha qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarishni jadal rivojlantirishga qaratilgan sifat jihatidan yangi bosqichga oʻtkazish orqali sanoatni yanada modernizatsiya va diversifikatsiya qilish;
  • iqtisodiyot tarmoqlari uchun samarali raqobatbardosh muhitni shakllantirish hamda mahsulot va xizmatlar bozorida monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirish;
  • prinsipial jihatdan yangi mahsulot va texnologiya turlarini oʻzlashtirish, shu asosda ichki va tashqi bozorlarda milliy tovarlarning raqobatbardoshligini taʼminlash;
  • ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni ragʻbatlantirish siyosatini davom ettirish hamda, eng avvalo, isteʼmol tovarlar va butlovchi buyumlar importining oʻrnini bosish, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish;
  • iqtisodiyotda energiya va resurslar sarfini kamaytirish, ishlab chiqarishga energiya tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarida mehnat unumdorligini oshirish;
  • faoliyat koʻrsatayotgan erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar va kichik sanoat zonalari samaradorligini oshirish, yangilarini tashkil etish;
  • xizmat koʻrsatish sohasini jadal rivojlantirish, yalpi ichki mahsulotni shakllantirishda xizmatlarning oʻrni va ulushini oshirish, koʻrsatilayotgan xizmatlar tarkibini, eng avvalo, ularning zamonaviy yuqori texnologik turlari hisobiga tubdan oʻzgartirish;
  • turizm industriyasini jadal rivojlantirish, iqtisodiyotda uning roli va ulushini oshirish, turistik xizmatlarni diversifikatsiya qilish va sifatini yaxshilash, turizm infratuzilmasini kengaytirish;
  • eksport faoliyatini liberallashtirish va soddalashtirish, eksport tarkibini va geografiyasini diversifikatsiya qilish, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini kengaytirish va safarbar etish;
  • yoʻl-transport infratuzilmasini yana-da rivojlantirish, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, boshqaruv tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish.

3.3. Qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish:

  • tarkibiy oʻzgartirishlarni chuqurlashtirish va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini izchil rivojlantirish, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini yana-da mustahkamlash, ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, agrar sektorning eksport salohiyatini sezilarli darajada oshirish;
  • paxta va boshoqli don ekiladigan maydonlarni qisqartirish, boʻshagan erlarga kartoshka, sabzavot, ozuqa va yogʻ olinadigan ekinlarni ekish, shuningdek, yangi intensiv bogʻ va uzumzorlarni joylashtirish hisobiga ekin maydonlarini yana-da optimallashtirish;
  • fermer xoʻjaliklari, eng avvalo, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan bir qatorda, qayta ishlash, tayyorlash, saqlash, sotish, qurilish ishlari va xizmatlar koʻrsatish bilan shugʻullanayotgan koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini ragʻbatlantirish va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
  • qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, yarim tayyor va tayyor oziq-ovqat hamda qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha eng zamonaviy yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlangan yangi qayta ishlash korxonalarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
  • qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash, tashish va sotish, agrokimyo, moliyaviy va boshqa zamonaviy bozor xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini yana-da kengaytirish;
  • sugʻoriladigan erlarning meliorativ holatini yana-da yaxshilash, melioratsiya va irrigatsiya obyektlari tarmoqlarini rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish sohasiga intensiv usullarni, eng avvalo, suv va resurslarni tejaydigan zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, unumdorligi yuqori boʻlgan qishloq xoʻjaligi texnikasidan foydalanish;
  • kasallik va zararkunandalarga chidamli, mahalliy er-iqlim va ekologik sharoitlarga moslashgan qishloq xoʻjaligi ekinlarining yangi seleksiya navlarini hamda yuqori mahsuldorlikka ega hayvonot zotlarini yaratish va ishlab chiqarishga joriy etish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish;
  • global iqlim oʻzgarishlari va Orol dengizi qurishining qishloq xoʻjaligi rivojlanishi hamda aholining hayot faoliyatiga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar koʻrish.

3.4. Iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeyini yana-da kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini ragʻbatlantirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish:

  • xususiy mulk huquqi va kafolatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlash, xususiy tadbirkorlik va kichik biznes rivoji yoʻlidagi barcha toʻsiq va cheklovlarni bartaraf etish, unga toʻliq erkinlik berish, “Agar xalq boy boʻlsa, davlat ham boy va kuchli boʻladi” degan tamoyilni amalga oshirish;
  • kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni keng rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlik tuzilmalarining faoliyatiga davlat, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari tomonidan noqonuniy aralashuvlarning qatʼiy oldini olish;
  • davlat mulkini xususiylashtirishni yana-da kengaytirish va uning tartib-taomillarini soddalashtirish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ustav jamgʻarmalarida davlat ishtirokini kamaytirish, davlat mulki xususiylashtirilgan obyektlar bazasida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
  • investitsiya muhitini takomillashtirish, mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga xorijiy, eng avvalo, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish;
  • korporativ boshqaruvning zamonaviy standart va usullarini joriy etish, korxonalarni strategik boshqarishda aksiyadorlarning rolini kuchaytirish;
  • tadbirkorlik subyektlarining muhandislik tarmoqlariga ulanishi boʻyicha tartib-taomil va mexanizmlarni takomillashtirish va soddalashtirish;
  • mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlarini tartibga solishda davlat ishtirokini kamaytirish, davlat boshqaruvi tizimini markazlashtirishdan chiqarish va demokratlashtirish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish, nodavlat, jamoat tashkilotlari va joylardagi oʻzini oʻzi boshqarish organlarining rolini oshirish.

3.5. Viloyat, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning mavjud salohiyatidan samarali va optimal foydalanish:

  • ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirish, xalqning turmush darajasi va daromadlarini oshirish uchun har bir hududning tabiiy, mineral-xomashyo, sanoat, qishloq xoʻjaligi, turistik va mehnat salohiyatidan kompleks va samarali foydalanishni taʼminlash;
  • hududlar iqtisodiyotini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish koʻlamini kengaytirish, rivojlanish darajasi nisbatan past boʻlgan tuman va shaharlarni, eng avvalo, sanoat va eksport salohiyatini oshirish yoʻli bilan jadal rivojlantirish hisobiga mintaqalar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasidagi farqlarni kamaytirish;
  • yangi sanoat korxonalari va servis markazlarini tashkil etish, kichik sanoat zonalarini tashkil qilish, yirik xoʻjalik birlashmalarining mablagʻlarini, banklarning kreditlarini va xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga kichik shaharlar va shaharchalarni jadal rivojlantirish;
  • sanoat va xizmatlar koʻrsatish sohasini jadal rivojlantirish hisobiga subvensiyaga qaram tuman va shaharlarni kamaytirish va mahalliy byudjetlarning daromad bazasini kengaytirish;
  • sanoat korxonalari va boshqa ishlab chiqarish obyektlarini joylashtirishga qulay shart-sharoitlar yaratish, xususiy tadbirkorlikni keng rivojlantirish hamda aholining turmush sharoitini yaxshilash maqsadida hududlarning ishlab chiqarish, muhandis-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma tarmoqlarini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilish.

IV. Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari
4.1. Aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirish:

  • aholining real pul daromadlarini va xarid qobiliyatini oshirish, kam taʼminlangan oilalar sonini va aholining daromadlari boʻyicha farqlanish darajasini yana-da kamaytirish;
  • byudjet muassasalari xodimlarining ish haqi, pensiya, stipendiya va ijtimoiy nafaqalar hajmini inflyatsiya surʼatlaridan yuqori miqdorda izchil oshirish;
  • yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda aholining, eng avvalo, oʻrta maxsus va oliy oʻquv muassasalari bitiruvchilari bandligini taʼminlash, mehnat bozori mutanosibligini va infratuzilmasi rivojlanishini taʼminlash, ishsizlik darajasini kamaytirish;
  • mehnatga layoqatli aholining mehnat va tadbirkorlik faolligini toʻliq amalga oshirish uchun sharoitlar yaratish, ish kuchi sifatini yaxshilash, ishga muhtoj shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini kengaytirish.

4.2. Aholini ijtimoiy himoya qilish va sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish:

  • aholiga majburiy ijtimoiy kafolatlarni taʼminlash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy himoyasini hamda keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish, ijtimoiy xizmat koʻrsatishni yaxshilash, aholiga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishda davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish;
  • aholiga tibbiy va ijtimoiy-tibbiy xizmat koʻrsatish qulayligi hamda sifatini oshirishga, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yoʻnaltirgan holda sogʻliqni saqlash sohasini, eng avvalo, uning dastlabki boʻgʻinini, tez va shoshilinch tibbiy yordam tizimini yana-da isloh qilish;
  • oila salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, onalar va bolalarning sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishni kengaytirish, ularga ixtisoslashtirilgan va yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy yordam koʻrsatish, chaqaloqlar va bolalar oʻlimini kamaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni yana-da kengroq amalga oshirish;
  • xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni davlat va jamiyat boshqaruvidagi oʻrnini kuchaytirish, xotin-qizlar, kasb-hunar kolleji bitiruvchi qizlarining bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, oila asoslarini yanada mustahkamlash;
  • pensionerlar, nogiron, yolgʻiz keksalar, aholining boshqa ehtiyojmand toifalarining toʻlaqonli hayot kechirishlarini taʼminlash uchun ularga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimini yana-da rivojlantirish va takomillashtirish;
  • farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish, aholi va tibbiyot muassasalarining arzon, sifatli dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlanishini yaxshilash, dori-darmonlar narxlarining asossiz oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • aholi oʻrtasida kasallanish koʻrsatkichlari pasayishini va umr uzayishini taʼminlash.

4.3. Arzon uy-joylar barpo etish boʻyicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, aholining hayot sharoitlari yaxshilanishini taʼminlovchi yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish:

  • aholi, eng avvalo, yosh oilalar, eskirgan uylarda yashab kelayotgan fuqarolar va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boshqa fuqarolarning yashash sharoitini imtiyozli shartlarda ipoteka kreditlari ajratish hamda shahar va qishloq joylarda arzon uylar qurish orqali yana-da yaxshilash;
  • aholining kommunal-maishiy xizmatlar bilan taʼminlanish darajasini oshirish, eng avvalo, yangi ichimlik suvi tarmoqlarini qurish, tejamkor va samarali zamonaviy texnologiyalarni bosqichma-bosqich joriy etish orqali qishloq joylarda aholining toza ichimlik suvi bilan taʼminlashni tubdan yaxshilash;
  • odamlarning ekologik xavfsiz muhitda yashashini taʼminlash, maishiy chiqindilarni qayta ishlash komplekslarini qurish va modernizatsiya qilish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aholini chiqindini yoʻq qilish boʻyicha zamonaviy obyektlar bilan taʼminlash;
  • aholiga transport xizmati koʻrsatishni tubdan yaxshilash, yoʻlovchi tashish xavfsizligini oshirish va atrof muhitga zararli moddalar chiqishini kamaytirish, har tomonlama qulay yangi avtobuslarni sotib olish, avtovokzal va avtostansiyalarni qurish hamda rekonstruksiya qilish;
  • yoʻl infratuzilmasi qurilishi va rekonstruksiya qilinishini davom ettirish, eng avvalo, mintaqaviy avtomobil yoʻllarini rivojlantirish, xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarini, aholi punkti koʻchalarini kapital va joriy taʼmirlash;
  • yangi elektr energiya ishlab chiqarish quvvatlarini qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, past kuchlanishli elektr tarmoqlari va transformator punktlarini yangilash asosida aholini elektr energiyasi hamda boshqa yoqilgʻi-energiya resurslari bilan taʼminlashni yaxshilash, shuningdek, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • teatr va tomosha maskanlarini, madaniy-maʼrifiy tashkilotlar va muzeylar faoliyatini rivojlantirish hamda takomillashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash.

4.4. Taʼlim va fan sohasini rivojlantirish:

  • uzluksiz taʼlim tizimini yana-da takomillashtirish, sifatli taʼlim xizmatlari imkoniyatlarini oshirish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash siyosatini davom ettirish;
  • taʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash, ularni zamonaviy oʻquv va laboratoriya asboblari, kompyuter texnikasi va oʻquv-metodik qoʻllanmalar bilan jihozlash orqali ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan maqsadli chora-tadbirlarni koʻrish;
  • maktabgacha taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish va ushbu muassasalarda bolalarning har tomonlama intellektual, estetik va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash, bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinishini jiddiy oshirish va foydalanish imkoniyatlarini taʼminlash, pedagog va mutaxassislarning malaka darajasini yuksaltirish;
  • umumiy oʻrta taʼlim sifatini tubdan oshirish, chet tillar, informatika hamda matematika, fizika, kimyo, biologiya kabi boshqa muhim va talab yuqori boʻlgan fanlarni chuqurlashtirilgan tarzda oʻrganish;
  • bolalarni sport bilan ommaviy tarzda shugʻullanishga, ularni musiqa hamda sanʼat dunyosiga jalb qilish maqsadida yangi bolalar sporti obyektlarini, bolalar musiqa va sanʼat maktablarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish;
  • kasb-hunar kollejlari oʻquvchilarini bozor iqtisodiyoti va ish beruvchilarning ehtiyojlariga javob beradigan mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash hamda ishga joylashtirish borasidagi ishlarni takomillashtirish;
  • taʼlim va oʻqitish sifatini baholashning xalqaro standartlarini joriy etish asosida oliy taʼlim muassasalari faoliyatining sifati hamda samaradorligini oshirish, oliy taʼlim muassasalariga qabul kvotalarini bosqichma-bosqich koʻpaytirish;
  • ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini ragʻbatlantirish, ilmiy va innovatsiya yutuqlarini amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari huzurida ixtisoslashtirilgan ilmiy-eksperimental laboratoriyalar, yuqori texnologiya markazlari va texnoparklarni tashkil etish.

4.5. Yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish:

  • jismonan sogʻlom, ruhan va aqlan rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq, qatʼiy hayotiy nuqtai nazarga ega yoshlarni tarbiyalash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida ularning ijtimoiy faolligini oshirish;
  • oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish hamda xususiy tadbirkorlik sohasiga jalb etish;
  • yosh avlodning ijodiy va intellektual salohiyatini qoʻllab-quvvatlash va roʻyobga chiqarish, bolalar va yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish;
  • yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, yosh oilalar uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish;
  • yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, taʼlim muassasalari, yoshlar va boshqa tashkilotlarning samarali faoliyatini tashkil etish.

V. Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash hamda chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar
5.1. Xavfsizlik, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlash sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar:

  • Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini muhofaza qilish;
  • axborot xavfsizligini taʼminlash va axborotni himoya qilish tizimini takomillashtirish, axborot sohasidagi tahdidlarga oʻz vaqtida va munosib qarshilik koʻrsatish;
  • fuqarolik, millatlararo va konfessiyalararo tinchlik hamda totuvlikni mustahkamlash;
  • davlatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining jangovar qudrati va salohiyatini oshirish;
  • atrof-tabiiy muhit, aholi salomatligi va genofondiga ziyon etkazadigan ekologik muammolarni oldini olish;
  • favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish tizimini takomillashtirish.

5.2. Chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar:

  • davlat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, mamlakatning xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti sifatidagi oʻrni va rolini oshirish, rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, Oʻzbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qoʻshnichilik muhitini shakllantirish;
  • Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini mustahkamlash, mamlakatda olib borilayotgan islohotlar toʻgʻrisida jahon hamjamiyatiga xolis axborot etkazish;
  • Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining normativ-huquqiy bazasini hamda xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish;
  • davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalarini hal etish.