Oʻzbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasining (Oʻzkomnazorat) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi va faoliyatining tashkiliy asoslarini, shuningdek, uning rahbarlari funksional majburiyatlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-noyabrdagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarining joriy etilishini nazorat qilish, ularni himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4024-son qarori bilan tasdiqlangan.
"Oʻzkomnazorat" aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish va mualliflik huquqlari sohasida fonogrammalar, audiovizual asarlar, elektron hisoblash mashinalari (keyingi oʻrinlarda — EHM) uchun dasturlar tarqatilishida qonun hujjatlariga rioya qilinishi yuzasidan nazoratni amalga oshiruvchi maxsus maqomga ega organ hisoblanadi.
Quyidagilar yuzasidan nazoratni amalga oshirish "Oʻzkomnazorat"ning asosiy vazifalari hisoblanadi:
- aloqa,
axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma
nashrlarni tarqatish sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va
davlat standartlari talablariga rioya qilish;
- oʻz
vakolati doirasida pochta aloqasi, axborot texnologiyalari va
telekommunikatsiyalari xizmatlarining sifatli taqdim etilishi, davriy
bosma nashrlar, fonogrammalar, audiovizual asarlar va EHM uchun
dasturlar tarqatilishida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish
choralarini taʼminlash;
- fonogrammalar,
audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlar tarqatish (sotish, ijaraga
berish va barchaning eʼtiboriga yetkazish)da mualliflik huquqlari
sohasidagi qonun hujjatlariga va normativ hujjatlarga rioya qilish;
- normativ-huquqiy
hujjatlar talablariga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarida,
shuningdek, boshqa tashkilot va idoralarda “Elektron hukumat” tizimida
infratuzilmani rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya
texnologiyalaridan samarali foydalanish;
- ish
va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, integratsiyalashgan
axborot tizimlarini, maʼlumotlar uzatish va almashishning idoralararo
tarmoqlarini joriy etish va ulardan foydalanish, davlat axborot
resurslari integratsiyasi, shu jumladan elektron davlat xizmatlari
koʻrsatish samaradorligi;
- “oxirgi
milya” tamoyili boʻyicha Internet tarmogʻidan keng polosali
foydalanishni, multiservis aloqa tarmoqlari texnologiyalarini, mobil
aloqa bozorini, boshqa zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini,
shuningdek, pochta aloqasi xizmatlarini va davriy bosma nashrlar
tarqatishni kengaytirish yoʻli bilan telekommunikatsiya infratuzilmasini
rivojlantirish.
"Oʻzkomnazorat" oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
1) aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablariga rioya qilinishi yuzasidan nazorat sohasida:
- xoʻjalik yurituvchi subyektlar
tomonidan litsenziyalash haqidagi qonun hujjatlari, litsenziya bitimlari
bajarilishi, radiochastota spektridan foydalanish, pochta aloqasi va
telekommunikatsiyalar tarmoqlaridagi, maʼlumotlar uzatishdagi
xavfsizlik, axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik, teleradioeshittirish
va axborot tizimlarida xavfsizlik boʻyicha texnik va texnologik
talablar bajarilishini nazorat qiladi, oʻrganadi va tekshiradi;
- aloqa,
axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida
litsenziya talablari va shartlarini buzgan holda, shuningdek, tegishli
litsenziyani rasmiylashtirmasdan faoliyatni amalga oshirayotgan xoʻjalik
yurituvchi subyektlarni aniqlaydi, oʻrganadi va tekshiradi;
- telekommunikatsiyalar,
pochta aloqasi, davriy bosma nashrlarni tarqatish xizmatlarini
koʻrsatishda, shuningdek, telekommunikatsiyalar tarmoqlarini, shu
jumladan mobil aloqa, radioelektron vositalar, yuqori chastotali
qurilmalar va telekommunikatsiya tizimlari tarmoqlarini loyihalash,
qurish, qayta qurish, kengaytirish va foydalanishda qonun hujjatlari,
normativ hujjatlar va davlat standartlari, amaldagi normalar va
qoidalarning bajarilishini nazorat qiladi va tekshiradi;
- elektr
aloqa tarmoqlarining umumiy foydalanishdagi aloqa tarmoqlariga ulanishi
qoidalarining, jumladan ulanish shartlarining bajarilishini nazorat
qiladi, oʻrganadi va tekshiradi;
- radioelektron
vositalarni, yuqori chastotali qurilmalarni va telekommunikatsiya
tizimlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotib olish (berish) hamda
chet eldan olib kelish tartibini, pochta va telekommunikatsiyalar
tarmoqlari va inshootlarida sertifikatlashtirilgan asbob-uskunalar
qoʻllanishini nazorat qiladi, oʻrganadi va tekshiradi;
- radioelektron
vositalar va yuqori chastotali qurilmalarning elektromagnit
moslashuvchanligini taʼminlash boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlar
bajarilishi ustidan nazorat, tekshiruv va monitoring olib boradi;
- radioelektron
vositalar va yuqori chastotali qurilmalar radionurlanishlari
parametrlari, radiochastota spektridan foydalanish qoidalariga rioya
qilinishi ustidan nazorat, tekshiruv va monitoring olib boradi, aloqa,
axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, radiochastota
spektridan foydalanish va elektron raqamli imzo sohasida monitoringni
olib borish, huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga chek qoʻyish
masalalarida huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa organlar bilan
oʻzaro hamkorlik qiladi;
- jinoiy
faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni
moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha qonun hujjatlarida
belgilangan ichki nazorat qoidalariga pochta aloqasi operatorlari,
provayderlari rioya etishini belgilangan tartibda monitoring qiladi,
oʻrganadi, tekshiradi va nazorat qiladi;
- pochta
aloqasi xizmatlari tashkil etilishini, pochta joʻnatmalarini va pul
summalarini saqlash taʼminlanishini, pochta joʻnatmalari qabul qilish,
qayta ishlash, topshirish texnologiyalariga rioya etilishini va ularning
belgilangan nazorat muddatlarida oʻtkazilishini oʻrganadi va
tekshiradi;
- aloqa,
axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida
qoʻllanadigan oʻlchash vositalarini tekshirish va kalibrlash tartibiga
rioya etilishini nazorat qiladi;
- telekommunikatsiyalar,
pochta aloqasi, teleradioeshittirish tarmoqlarida va axborot
tizimlarida axborot xavfsizligini taʼminlash ishlarining xoʻjalik
yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishi yuzasidan nazoratni,
oʻrganishni va tekshiruvni tashkil etadi;
- aloqa,
axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida
huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning oldini olish, ularni aniqlash
va ularga chek qoʻyish boʻyicha kompleks tadbirlar amalga oshirilishini
taʼminlaydi;
- monitoring va
tekshirishlar natijalari boʻyicha aniqlangan qoidabuzarliklar haqida
tegishli qarorlar qabul qiladi, koʻrsatmalar beradi va ularni bartaraf
etish muddatlarini belgilaydi, shuningdek, litsenziya beradigan organga
xoʻjalik yurituvchi subyektlar litsenziyalarining amal qilishini
toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisida takliflar kiritadi,
Oʻzkomnazorat vakolatlariga kirmaydigan qoidabuzarliklar boʻyicha
materiallarni belgilangan tartibda tegishli vakolatli organlarga beradi;
- oʻtkazilgan
nazorat natijalarini tahlil qiladi va umumlashtiradi, aniqlangan
kamchiliklar va qoidabuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar
tayyorlaydi, ularni tegishli davlat organlariga koʻrib chiqish uchun
kiritadi;
- aloqa,
axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida
faoliyatni amalga oshiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan
axborot xavfsizligini, shu jumladan foydalanilishi cheklangan
axborotning himoyalanishini taʼminlash, axborotni kriptografik
himoyalash sohasidagi faoliyat turi boʻyicha litsenziya bitimlari va
mahsulotlarni sertifikatlash shartlariga rioya etish masalalari borasida
davlat organlari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
- amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq maʼmuriy jazo choralarini qoʻllaydi;
2) o‘z vakolati doirasida pochta aloqasi, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalari xizmatlarining sifatli taqdim etilishi, davriy bosma nashrlar, fonogrammalar, audiovizual asarlar va EHM uchun dasturlar tarqatilishida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish choralarini ta’minlash yuzasidan nazorat sohasida:
- respublika hududida joylashgan aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarda pochta aloqasi, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, davriy matbuot nashrlarini tarqatish xizmatlari parametrlari va sifat ko‘rsatkichlarining amaldagi normalarga muvofiqligi yuzasidan monitoring, tekshiruv va nazorat o‘tkazadi;
- texnik vositalar va axborot tizimlari orqali telekommunikatsiyalar tarmoqlari xizmatlarining parametrlari va sifat ko‘rsatkichlarining muvofiqligini o‘lchaydi va monitoring olib boradi;
- pochta aloqasi, telekommunikatsiyalar va davriy bosma nashrlarni tarqatish xizmatlarini hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan, shuningdek, tashkiliy-huquqiy shakli va idoraviy mansubligidan qat’iy nazar, boshqa tashkilotlar va idoralar tomonidan elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish masalalari bo‘yicha yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlarini zarur holatlarda joyiga borib hamda tegishli hujjatlarni o‘rgangan holda qonun hujjatlariga muvofiq ko‘rib chiqadi;
- vakolatli davlat organlari tomonidan tartibga solinadigan tariflar ro‘yxatiga kiruvchi pochta aloqasi va telekommunikatsiyalar xizmatlariga tariflarning to‘g‘ri qo‘llanilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshiradi;
- ko‘rsatiladigan xizmatlar, tariflar, xizmatlar ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risidagi axborotning, aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy matbuot nashrlarini tarqatish sohasida xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ish tartibi va ularni tartibga soluvchi boshqa axborotlarning mavjudligi va foydalanuvchilar uchun tushunarliligini, shuningdek, ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmining to‘liqligi va muddatlarini nazorat qiladi;
- O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy ommaviy axborot vositalarining teleradio mahsulotlarini va davriy nashrlarini tarqatish tartibiga rioya qilinishini belgilangan tartibda nazorat qiladi, o‘rganadi va tekshiradi;
- pochta aloqasi, telekommunikatsiyalar va davriy matbuot nashrlarini tarqatish xizmatlari sifati bo‘yicha statistik hisobotlarning ishonchliligiga rioya etilishini nazorat qiladi va tekshiradi;
- hisoblangan moliyaviy sanksiyalar (jarimalar)ning belgilangan muddatlarga rioya qilingan holda to‘lanishi va to‘lanayotgan moliyaviy sanksiyalar (jarimalar)ning summasi to‘g‘riligini nazorat qiladi;
- aloqa mahsulotlari sifatiga va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishga, telekommunikatsiyalar vositalari parametrlariga, radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalar radionurlanishlariga tegishli normativ-huquqiy hujjatlar, texnik reglamentlar, standartlar, texnik shartlar, qoidalar, yo‘riqnomalar, litsenziya talablari va shartlari loyihalarini ko‘rib chiqadi va ular bo‘yicha xulosalar beradi;
- aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida normativ-huquqiy hujjatlar, texnik reglamentlar, standartlar, normalar, qoidalar va boshqa normativ hujjatlarni ishlab chiqish, qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha buyurtmachi funksiyalarini bajaradi;
3) fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlar tarqatish (sotish, ijaraga berish, barchaning e’tiboriga yetkazish)da mualliflik huquqlari sohasidagi qonun hujjatlariga va normativ hujjatlarga rioya qilinishi yuzasidan nazorat sohasida:
- faoliyatni amalga oshirishda litsenziya bitim talablari va shartlarining xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishini nazorat qiladi, o‘rganadi va tekshiradi;
- fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlarni tarqatishda mualliflik huquqlariga rioya etilishini o‘rganadi, monitoring qiladi va tekshiradi, uning yakunlari bo‘yicha tegishli xulosalar tayyorlaydi;
- audiovizual asarlar, fonogrammalar va EHM uchun dasturlarni sotish, ijaraga berish va barchaning e’tiboriga yetkazish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiradigan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tekshirish natijalarini tahlil qiladi va umumlashtiradi hamda tahliliy materiallarni O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga taqdim etadi;
- Internet tarmog‘ida mualliflik huquqi obyektlari noqonuniy tarqalishini (barchaning e’tiboriga yetkazilishini) bartaraf etish choralarini ko‘radi;
4) normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarida, shuningdek, boshqa tashkilotlar va idoralarda «Elektron hukumat» tizimida infratuzilmani rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishni nazorat qilish sohasida:
- davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarida, shuningdek, aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasi korxonalari va tashkilotlarida «Elektron hukumat» tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish jarayonlarini belgilangan tartibda o‘rganadi, monitoring qiladi va tekshiradi;
- «Elektron hukumat» tizimida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasining joriy holatini o‘rganadi va tekshiradi;
- davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida, shuningdek, boshqa tashkilot va idoralarda aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablari bajarilishini nazorat qiladi;
- davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida, shuningdek, boshqa tashkilotlar va idoralarda axborot resurslari va elektron davlat xizmatlarining mavjudligi hamda ulardan foydalanishning imkoni yaratilganligi ustidan monitoring va tekshiruv olib boradi;
5) ish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, integratsiyalashgan axborot tizimlarini, ma’lumotlar uzatish va almashishning idoralararo tarmoqlarini joriy etish va ulardan foydalanish, davlat axborot resurslari integratsiyasi, shu jumladan elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish samaradorligi yuzasidan nazorat sohasida:
- ish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, integratsiyalashgan axborot tizimlari, ma’lumotlar uzatish va ma’lumotlar almashishning idoralararo tarmoqlarini joriy etish hamda ulardan foydalanish, davlat axborot resurslari integratsiyasi holatini tahlil qiladi, baholaydi va tekshiradi;
- davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish jarayonlari ustidan olib borilgan monitoring va tekshiruv natijalarini tahlil qiladi va umumlashtiradi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli xulosa va takliflar tayyorlaydi;
- davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining holati va ularni rivojlantirish to‘g‘risida axborotlarning ishonchliligi ta’minlanishi va o‘z vaqtida taqdim etilishini o‘rganadi, tekshiradi va monitoringini olib boradi;
6) «oxirgi milya» tamoyili bo‘yicha Internet tarmog‘idan keng polosali foydalanishni, multiservis aloqa tarmoqlari texnologiyalarini, mobil aloqa bozorini, boshqa zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini, shuningdek, pochta aloqasi xizmatlarini va davriy bosma nashrlar tarqatishni kengaytirish yo‘li bilan telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan nazorat sohasida:
- qonun hujjatlariga muvofiq telekommunikatsiya tarmoqlari, axborotlashtirish tizimlari va vositalari yaratilishi va ishlatilishi bo‘yicha xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshiradi, o‘rganadi va nazorat qiladi;
- aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari tarmoqlarining yangidan quriladigan va qayta quriladigan obyektlarini foydalanishga qabul qilib olish komissiyalarida qatnashadi.