Mobil aloqa sohasida faoliyat koʻrsatib kelayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda oʻtkazilgan tekshirishlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha qoʻllanma

Ushbu qoʻllanmada subyektlar tomonidan aksariyat hollarda yoʻl qoʻyiladigan kamchiliklar yuzasidan tushuntirishlar hamda ularni bartaraf etish boʻyicha asosiy yoʻnalishlar keltirilgan.

Normativ-huquqiy hujjatlar

Mobil aloqa sohasidagi litsenziantlar faoliyatlari litsenziya kelishuvi shartlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Mobil aloqa litsenziantlar faoliyatlarini tartibga soluvchi asosiy meʼyoriy-huquqiy hujjatlar quyida keltirilgan:

1.1.Oʻzbekiston Respublikasining “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksi”.

1.2.Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari

Oʻzbekiston Respublikasining:

– 1999-yil 20-avgustdagi Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi 822-I-son;

– 2003-yil 11-dekabrdagi “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi 560-II-son;

– 2000-yil 25-maydagi “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi 71-II-son;

– 1998-yil 25-dekabrdagi “Radiochastota spektri toʻgʻrisida”gi 725-I- son;

1.3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarorlari

– 1998-yil 10-iyuldagi “Radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotib olish (berish), loyihalash, qurish (oʻrnatish), ishlatish hamda chet eldan keltirish tartibi toʻgʻrisida”gi 293-son Qarori 7-ilovasi;

– 2000-yil 22-noyabrdagi “Telekommunikatsiyalar va pochta aloqasi sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi 458-son qarori bilan tasdiqlangan “Telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni litsenziyalash toʻgʻrisida Nizom”(2-ilova);

– 2005-yil 22-noyabrdagi “Axborotlashtirish sohasida normativ huquqiy bazani takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 256-son;

– 2011-yil 28-apreldagi “Sertifikatlashtirish tartibotlarini va sifat menejementi tizimlarini joriy etishni takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 122-son qarori 1-ilovasi “Majburiy tartibda sertifikatlanadigan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqariladigan va unga olib kiriladigan mahsulotlar turlari roʻyxati”.

1.5.Meʼyoriy hujjatlar:

– Oʻzbekiston Respublikasi Adliya Vazirligida 2005-yil 7-dekabrda 1531-son bilan roʻyxatga olingan “Oʻzbekiston Respublikasi hududida radiochastota spektri va radioelektron vositalaridan foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi Nizom;

– Oʻzbekiston Respublikasi Adliya Vazirligida 2004-yil 30-noyabrda 1420-son bilan roʻyxatga olingan “Oʻzbekiston Respublikasida kabel va efir kabel televideniye toʻgʻrisidagi vaqtinchalik Nizomi”;

– Oʻzbekiston Respublikasi Adliya Vazirligida 2009-yil 6-fevralda 1900-son bilan roʻyxatga olingan “Mobil xizmatlarini koʻrsatish Qoidalari”;

– RH 45-039:2014 “Mobil aloqa tarmoqlari. Xizmatlar sifati koʻrsatkichlari uchun belgilanadigan normalar va ularni oʻlchov sinovidan oʻtkazish metodikalari”;

– Y 039-95 “Radiorele aloqasi liniyalarining antenna majmualari uchun qoʻllanma”;

– Oʻz DSt 8.011:2004 “Oʻzbekiston Respublikasining oʻlchashlar birligini taʼminlash davlat tizimi. Oʻlchash vositalarini metrologik attestatsiyalash, tashkil etish va oʻtkazish tadbiri”.

1.6.Shaharsozlik normalari va qoidalari

– ShNK 3.01.04-04 “Qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish. Asosiy holatlar”;

– ShNK 1.03.01-08 “Korxona bino va inshootlarini kapital qurilishida loyiha-hujjatlari tarkibi, ishlab chiqish, tasdiqlash va kelishish tartibi”;

– IKN 05:2013 “Qurilishi tugallangan telekommunikatsiya obyektlarini ekspluatatsiyaga qabul qilish qoidalari. Asosiy qoidalar”;

– IKN 18:2011 “Uyali uyali aloqa tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilish boʻyicha loyiha hujjatlarining tarkibi, ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi »;

– MKN 010:2007 “Umumiy foydalanishdagi mobil aloqa tarmoqlarining komplekslari”;

– IKN 07:2002 “Radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalar qurilish (oʻrnatish) obyektlarini foydalanishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnoma”;

– RH 45-062:2012 “Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyiha-smeta hujjatlarini rasmiylashtirish boʻyicha yoʻriqnoma”.

2.Tekshirishlar jarayonida aniqlangan, koʻplab uchraydigan kamchiliklar

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi tomonidan mobil aloqa sohasida faoliyat koʻrsatib kelayotgan operator va provayderlarida oʻtkazilgan tekshirishlar natijasi tahlil qilinganda, quyidagi bir qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilib kelinmoqda:

2.1. Mobil aloqa tarmoqlarini kengaytirish, modernizatsiya qilish jarayonida subyektlar tomonidan texnologik loyihalash, qurish va qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish qoida va normalarga amal qilinmaslik.

Aksariyat operator va provayderlarda qurilishi tugallangan obyektlarni doimiy foydalanishga qabul qilish boʻyicha ishchi komissiyalari tuzilmagan hamda obyektlarni foydalanishga qabul qilish dalolatnomalari, loyiha-smeta hujjatlari, ishchi loyihalarning ekspertiza xulosalari mavjud emas.

1998-yil 1-yanvardan boshlab, obyektlarni loyiha hujjatlarsiz qurishga ruxsat etilmaydi.

Loyihalash uchun, korxonalarning direktiv hujjatlari, manzillar roʻyxati, buyruqlari va qarorlari asos boʻladi. Obyektlarni qurish uchun esa oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangan, ijobiy ekspertiza xulosalariga ega boʻlgan loyiha-smeta hujjatlari asos boʻladi.

Ekspert xulosalari vakolatli tashkilotlar tomonidan beriladi.

– RH 45-062:2012 “Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyiha-smeta hujjatlarini rasmiylashtirish boʻyicha yoʻriqnoma” va IKN 18:2011 “Uyali uyali aloqa tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilish boʻyicha loyiha hujjatlarining tarkibi, ishlab chiqish, tasdiqlash va tasdiqlash tartibi” (tavsiya etilgan va majburiy) meʼyoriy hujjatida, korxona tarmogʻini qurish, qayta qurish, kengaytirish ishlarini amalga oshirish uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va kelishish tartibi belgilab qoʻyilgan hamda obyektlarni loyihalashda majburiy hisoblanadi.

Tasdiqlangan loyihaga muvofiq qurilgan, foydalanishga qabul qilishga tayyor obyektlar Buyurtmachi tomonidan ishchi yoki davlat qabul komissiyasiga taqdim etishi lozim.

Qabul komissiyaning dalolatnomasining tasdiqlangan sanasidan boshlab, obyekt foydalanishga qabul qilingan hisoblanadi.

Obyektlarni foydalanishga qabul qilish ShNK 3.01.04-04 “Qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish. Asosiy qoidalar”, IKN 05-2013 “Qurilishi tugallangan telekommunikatsiya obyektlarini ekspluatatsiyaga qabul qilish qoidalari. Asosiy qoidalar” meʼyoriy hujjatlari hamda boshqa qurilish normalari va qoidalari bilan tartibga solinadi.

2.2. Yangidan oʻrnatilgan hamda foydalanilayotgan qurilmalarda muvofiqlik sertifikatlarning mavjud emasligi.

Oʻzbekiston Respublikasidagi telekommunikatsiya tarmoqlarida ishlatilayotgan telekommunikatsiya texnik vositalari, jumladan terminal qurilmalari belgilangan standartlarga, texnik shartlarga va qonunchilikda oʻrnatilgan tartibda sertifikatlanishi lozim.

Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 24-apreldagi 122-son qarori bilan Sertifikatlanishi majburiy boʻlgan mahsulotlar turlari roʻyxati tasdiqlangan.

Muvofiqlik sertifikatlari sertifikatlashtirish organlari va akkreditatsiyadan oʻtgan organlar tomonidan beriladi.

Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi qoshida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy sertifikatsiya tizimidan akkreditatsiyalangan Telekommunikatsiya texnik qurilmalarini sertifikatsiyalash organi (TTVSO) boʻlib, ushbu organ (Oʻzbekiston hududida tayyorlangan hamda chet davlatlardan olib kirilgan) telekommunikatsiya texnik qurilmalarini sertifikatsiyalash jarayonlarini olib borish va tashkillashtirish maqsadida tashkil etilgan.

2.3. Texnik vositalarning parametrlari va xarakteristikalari oʻzgarishi munosabati bilan litsenziya kelishuvi shartlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmaslik.

Litsenziya kelishuvida “mobil aloqa tarmoqlarida tarmogʻida foydalanilayotgan texnik vositalarning parametrlari va xarakteristikalarining oʻzgarishi yuzasidan Litsenziat bilan kelishish lozim” talabni bajarish maqsadida Litsenziyalovchi organga oʻzgarayotgan texnik vositalarning parametrlari va xarakteristikalarini koʻrsatgan holda oʻrnatilgan tartibda ariza bilan murojaat qilishi lozim.

2.4. Yuridik shaxs qayta tashkil etilganda, uning nomi yoki joylashgan oʻrni (pochta manzili) oʻzgarganda litsenziyani vaqtida qayta rasmiylashtirmaslik.

Litsenziat yuridik shaxs qayta tashkil etilgan, uning nomi yoki joylashgan oʻrni (pochta manzili) oʻzgargan hollarda litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtgandan soʻng bir hafta muddatda koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida litsenziyalovchi organ (Oʻzbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi)ga ariza bilan murojaat qilishi shart.

Telekommunikatsiyalar sohasida litsenziyalovchi organ boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi hisoblanadi.

2.5. Radioelektron vositalarni loyihalash, qurish, (oʻrnatish) ishga tushirish, undan foydalanish tartibiga rioya etmaslik.

Radioelektron vositalarni loyihalash va qurishdan oldin EMMMdan loyihalash, qurish uchun ruxsatnoma olish talab etiladi. REV qurilgandan soʻng, sinov ishlarini amalga oshirish uchun EMMMdan vaqtinchalik foydalanish uchun ruxsatnoma olinadi. Ushbu sinov davrida REVdan tijorat maqsadida foydalanish qatʼiyan man etiladi. Shuningdek, EMMM tomonidan berilgan maxsus ruxsatnomada keltirilgan parametrlaridan ogʻishiga yoʻl qoʻymaslik.

2.6. Profilaktika ishlarini oʻtkazmaslik, texnik vositalar parametrlarini oʻlchash davriyligiga amal qilmaslik va oʻlchov vositalarini davriy qiyoslashdan oʻtkazmaslik.

Aloqa tarmogʻini uzluksiz va barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida meʼyoriy hujjatlarga muvofiq profilaktika ishlarini oʻz vaqtida oʻtkazilishi, radioelektron vositalarning belgilangan parametrlaridan ogʻishini oldini olish maqsadida texnik vositalar parametrlarini oʻlchash davriyligi amal qilinishi va oʻlchash jarayonidan oʻlchovlarning haqqoniyligini taʼminlash maqsadida oʻlchov vositalarini davriy qiyoslashdan oʻtkazilishi oʻz navbatida huquqiy-meʼyoriy hujjatlar talablarini buzilishini oldini olishiga va koʻrsatilayotgan xizmatlar boʻyicha murojaatlarning kamayishiga olib keladi.

3. Javobgarlik

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi qonunchilikda oʻrnatilgan tartibda moliyaviy sanksiyalar undirish yoki maʼmuriy jazoga tortish huquqiga ega.

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi organiga Oʻzbekiston Respublikasining “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 151-moddasi birinchi qismida, 152-moddasi birinchi qismida, 153, 154, 156-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar taalluqlidir.

Moliyaviy sanksiyalar Oʻzbekiston Respublikasida pochta va telekommunikatsiyalar xoʻjalik yurituvchi subyektlari faoliyati ustidan davlat nazorati oʻrnatish boʻyicha Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi tomonidan texnik parametrlar, texnik foydalanish qoidalari, pochta va telekommunikatsiyalar vositalari ishlarining va xizmat koʻrsatish sifati buzilganligi uchun koʻrsatkichlarning yagona tizimi boʻyicha hisoblanadi, tabiiy ofatlar yoki favqulodda vaziyatlar oqibatida paydo boʻlgan buzilishlar bundan mustasno. (VMning 2000-yil 14-avgustdagi 318-son qarori).

Shu bilan bir qatorda mobil aloqa sohasida faoliyat olib borayotgan subyektlar tomonidan belgilangan talablar buzilganligi uchun litsenziyalarining amal qilishini vaqtincha toʻxtatish, tugatish va bekor qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasiga taklif kiritish huquqiga ega.

    [object Object]

    INSPECTION “UZKOMNAZORAT

    Copyright © 2019 - 2022 Official website of the Inspection for Control in the Field of Information and Telecommunications under the Ministry of Digital Technologies of the Republic of Uzbekistan.

    When using materials, a link to the website is required Creative Commons Attribution 4.0 Internationals

    Attention! If you find an error in the text, select it and press Ctrl+Enter to notify the administration

    Old site version

    When using materials, a link to the website is required

    Developed byTechnocorp
    img