O‘zkomnazoratning funksiya va vazifalari

Oʻzbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasining (Oʻzkomnazorat) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi va faoliyatining tashkiliy asoslarini, shuningdek, uning rahbarlari funksional majburiyatlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-noyabrdagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarining joriy etilishini nazorat qilish, ularni himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4024-son qarori bilan tasdiqlangan. 

"Oʻzkomnazorat" aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish va mualliflik huquqlari sohasida fonogrammalar, audiovizual asarlar, elektron hisoblash mashinalari (keyingi oʻrinlarda — EHM) uchun dasturlar tarqatilishida qonun hujjatlariga rioya qilinishi yuzasidan nazoratni amalga oshiruvchi maxsus maqomga ega organ hisoblanadi.

Quyidagilar yuzasidan nazoratni amalga oshirish "Oʻzkomnazorat"ning asosiy vazifalari hisoblanadi:

  1. aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablariga rioya qilish;
  2. oʻz vakolati doirasida pochta aloqasi, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalari xizmatlarining sifatli taqdim etilishi, davriy bosma nashrlar, fonogrammalar, audiovizual asarlar va EHM uchun dasturlar tarqatilishida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish choralarini taʼminlash;
  3. fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlar tarqatish (sotish, ijaraga berish va barchaning eʼtiboriga yetkazish)da mualliflik huquqlari sohasidagi qonun hujjatlariga va normativ hujjatlarga rioya qilish;
  4. normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarida, shuningdek, boshqa tashkilot va idoralarda “Elektron hukumat” tizimida infratuzilmani rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish;
  5. ish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, integratsiyalashgan axborot tizimlarini, maʼlumotlar uzatish va almashishning idoralararo tarmoqlarini joriy etish va ulardan foydalanish, davlat axborot resurslari integratsiyasi, shu jumladan elektron davlat xizmatlari koʻrsatish samaradorligi;
  6. “oxirgi milya” tamoyili boʻyicha Internet tarmogʻidan keng polosali foydalanishni, multiservis aloqa tarmoqlari texnologiyalarini, mobil aloqa bozorini, boshqa zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini, shuningdek, pochta aloqasi xizmatlarini va davriy bosma nashrlar tarqatishni kengaytirish yoʻli bilan telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish.


"Oʻzkomnazorat" oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:

1) aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablariga rioya qilinishi yuzasidan nazorat sohasida:

  • xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan litsenziyalash haqidagi qonun hujjatlari, litsenziya bitimlari bajarilishi, radiochastota spektridan foydalanish, pochta aloqasi va telekommunikatsiyalar tarmoqlaridagi, maʼlumotlar uzatishdagi xavfsizlik, axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik, teleradioeshittirish va axborot tizimlarida xavfsizlik boʻyicha texnik va texnologik talablar bajarilishini nazorat qiladi, oʻrganadi va tekshiradi;
  • aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida litsenziya talablari va shartlarini buzgan holda, shuningdek, tegishli litsenziyani rasmiylashtirmasdan faoliyatni amalga oshirayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarni aniqlaydi, oʻrganadi va tekshiradi;
  • telekommunikatsiyalar, pochta aloqasi, davriy bosma nashrlarni tarqatish xizmatlarini koʻrsatishda, shuningdek, telekommunikatsiyalar tarmoqlarini, shu jumladan mobil aloqa, radioelektron vositalar, yuqori chastotali qurilmalar va telekommunikatsiya tizimlari tarmoqlarini loyihalash, qurish, qayta qurish, kengaytirish va foydalanishda qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari, amaldagi normalar va qoidalarning bajarilishini nazorat qiladi va tekshiradi;
  • elektr aloqa tarmoqlarining umumiy foydalanishdagi aloqa tarmoqlariga ulanishi qoidalarining, jumladan ulanish shartlarining bajarilishini nazorat qiladi, oʻrganadi va tekshiradi;
  • radioelektron vositalarni, yuqori chastotali qurilmalarni va telekommunikatsiya tizimlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotib olish (berish) hamda chet eldan olib kelish tartibini, pochta va telekommunikatsiyalar tarmoqlari va inshootlarida sertifikatlashtirilgan asbob-uskunalar qoʻllanishini nazorat qiladi, oʻrganadi va tekshiradi;
  • radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarning elektromagnit moslashuvchanligini taʼminlash boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlar bajarilishi ustidan nazorat, tekshiruv va monitoring olib boradi;
  • radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalar radionurlanishlari parametrlari, radiochastota spektridan foydalanish qoidalariga rioya qilinishi ustidan nazorat, tekshiruv va monitoring olib boradi, aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, radiochastota spektridan foydalanish va elektron raqamli imzo sohasida monitoringni olib borish, huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga chek qoʻyish masalalarida huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa organlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
  • jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan ichki nazorat qoidalariga pochta aloqasi operatorlari, provayderlari rioya etishini belgilangan tartibda monitoring qiladi, oʻrganadi, tekshiradi va nazorat qiladi;
  • pochta aloqasi xizmatlari tashkil etilishini, pochta joʻnatmalarini va pul summalarini saqlash taʼminlanishini, pochta joʻnatmalari qabul qilish, qayta ishlash, topshirish texnologiyalariga rioya etilishini va ularning belgilangan nazorat muddatlarida oʻtkazilishini oʻrganadi va tekshiradi;
  • aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida qoʻllanadigan oʻlchash vositalarini tekshirish va kalibrlash tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;
  • telekommunikatsiyalar, pochta aloqasi, teleradioeshittirish tarmoqlarida va axborot tizimlarida axborot xavfsizligini taʼminlash ishlarining xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishi yuzasidan nazoratni, oʻrganishni va tekshiruvni tashkil etadi;
  • aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qoʻyish boʻyicha kompleks tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlaydi;
  • monitoring va tekshirishlar natijalari boʻyicha aniqlangan qoidabuzarliklar haqida tegishli qarorlar qabul qiladi, koʻrsatmalar beradi va ularni bartaraf etish muddatlarini belgilaydi, shuningdek, litsenziya beradigan organga xoʻjalik yurituvchi subyektlar litsenziyalarining amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisida takliflar kiritadi, Oʻzkomnazorat vakolatlariga kirmaydigan qoidabuzarliklar boʻyicha materiallarni belgilangan tartibda tegishli vakolatli organlarga beradi;
  • oʻtkazilgan nazorat natijalarini tahlil qiladi va umumlashtiradi, aniqlangan kamchiliklar va qoidabuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi, ularni tegishli davlat organlariga koʻrib chiqish uchun kiritadi;
  • aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan axborot xavfsizligini, shu jumladan foydalanilishi cheklangan axborotning himoyalanishini taʼminlash, axborotni kriptografik himoyalash sohasidagi faoliyat turi boʻyicha litsenziya bitimlari va mahsulotlarni sertifikatlash shartlariga rioya etish masalalari borasida davlat organlari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
  • amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq maʼmuriy jazo choralarini qoʻllaydi;

2) o‘z vakolati doirasida pochta aloqasi, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalari xizmatlarining sifatli taqdim etilishi, davriy bosma nashrlar, fonogrammalar, audiovizual asarlar va EHM uchun dasturlar tarqatilishida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish choralarini ta’minlash yuzasidan nazorat sohasida:

  • respublika hududida joylashgan aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarda pochta aloqasi, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, davriy matbuot nashrlarini tarqatish xizmatlari parametrlari va sifat ko‘rsatkichlarining amaldagi normalarga muvofiqligi yuzasidan monitoring, tekshiruv va nazorat o‘tkazadi;
  • texnik vositalar va axborot tizimlari orqali telekommunikatsiyalar tarmoqlari xizmatlarining parametrlari va sifat ko‘rsatkichlarining muvofiqligini o‘lchaydi va monitoring olib boradi;
  • pochta aloqasi, telekommunikatsiyalar va davriy bosma nashrlarni tarqatish xizmatlarini hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan, shuningdek, tashkiliy-huquqiy shakli va idoraviy mansubligidan qat’iy nazar, boshqa tashkilotlar va idoralar tomonidan elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish masalalari bo‘yicha yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlarini zarur holatlarda joyiga borib hamda tegishli hujjatlarni o‘rgangan holda qonun hujjatlariga muvofiq ko‘rib chiqadi;
  • vakolatli davlat organlari tomonidan tartibga solinadigan tariflar ro‘yxatiga kiruvchi pochta aloqasi va telekommunikatsiyalar xizmatlariga tariflarning to‘g‘ri qo‘llanilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshiradi;
  • ko‘rsatiladigan xizmatlar, tariflar, xizmatlar ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risidagi axborotning, aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy matbuot nashrlarini tarqatish sohasida xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ish tartibi va ularni tartibga soluvchi boshqa axborotlarning mavjudligi va foydalanuvchilar uchun tushunarliligini, shuningdek, ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmining to‘liqligi va muddatlarini nazorat qiladi;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy ommaviy axborot vositalarining teleradio mahsulotlarini va davriy nashrlarini tarqatish tartibiga rioya qilinishini belgilangan tartibda nazorat qiladi, o‘rganadi va tekshiradi;
  • pochta aloqasi, telekommunikatsiyalar va davriy matbuot nashrlarini tarqatish xizmatlari sifati bo‘yicha statistik hisobotlarning ishonchliligiga rioya etilishini nazorat qiladi va tekshiradi;
  • hisoblangan moliyaviy sanksiyalar (jarimalar)ning belgilangan muddatlarga rioya qilingan holda to‘lanishi va to‘lanayotgan moliyaviy sanksiyalar (jarimalar)ning summasi to‘g‘riligini nazorat qiladi;
  • aloqa mahsulotlari sifatiga va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishga, telekommunikatsiyalar vositalari parametrlariga, radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalar radionurlanishlariga tegishli normativ-huquqiy hujjatlar, texnik reglamentlar, standartlar, texnik shartlar, qoidalar, yo‘riqnomalar, litsenziya talablari va shartlari loyihalarini ko‘rib chiqadi va ular bo‘yicha xulosalar beradi;
  • aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida normativ-huquqiy hujjatlar, texnik reglamentlar, standartlar, normalar, qoidalar va boshqa normativ hujjatlarni ishlab chiqish, qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha buyurtmachi funksiyalarini bajaradi;

 

3) fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlar tarqatish (sotish, ijaraga berish, barchaning e’tiboriga yetkazish)da mualliflik huquqlari sohasidagi qonun hujjatlariga va normativ hujjatlarga rioya qilinishi yuzasidan nazorat sohasida:

  • faoliyatni amalga oshirishda litsenziya bitim talablari va shartlarining xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishini nazorat qiladi, o‘rganadi va tekshiradi;
  • fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlarni tarqatishda mualliflik huquqlariga rioya etilishini o‘rganadi, monitoring qiladi va tekshiradi, uning yakunlari bo‘yicha tegishli xulosalar tayyorlaydi;
  • audiovizual asarlar, fonogrammalar va EHM uchun dasturlarni sotish, ijaraga berish va barchaning e’tiboriga yetkazish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiradigan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tekshirish natijalarini tahlil qiladi va umumlashtiradi hamda tahliliy materiallarni O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga taqdim etadi;
  • Internet tarmog‘ida mualliflik huquqi obyektlari noqonuniy tarqalishini (barchaning e’tiboriga yetkazilishini) bartaraf etish choralarini ko‘radi;

 

4) normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarida, shuningdek, boshqa tashkilotlar va idoralarda «Elektron hukumat» tizimida infratuzilmani rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishni nazorat qilish sohasida:

  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarida, shuningdek, aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasi korxonalari va tashkilotlarida «Elektron hukumat» tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish jarayonlarini belgilangan tartibda o‘rganadi, monitoring qiladi va tekshiradi;
  • «Elektron hukumat» tizimida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasining joriy holatini o‘rganadi va tekshiradi;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida, shuningdek, boshqa tashkilot va idoralarda aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablari bajarilishini nazorat qiladi;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida, shuningdek, boshqa tashkilotlar va idoralarda axborot resurslari va elektron davlat xizmatlarining mavjudligi hamda ulardan foydalanishning imkoni yaratilganligi ustidan monitoring va tekshiruv olib boradi;

 

5) ish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, integratsiyalashgan axborot tizimlarini, ma’lumotlar uzatish va almashishning idoralararo tarmoqlarini joriy etish va ulardan foydalanish, davlat axborot resurslari integratsiyasi, shu jumladan elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish samaradorligi yuzasidan nazorat sohasida:

  • ish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, integratsiyalashgan axborot tizimlari, ma’lumotlar uzatish va ma’lumotlar almashishning idoralararo tarmoqlarini joriy etish hamda ulardan foydalanish, davlat axborot resurslari integratsiyasi holatini tahlil qiladi, baholaydi va tekshiradi;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish jarayonlari ustidan olib borilgan monitoring va tekshiruv natijalarini tahlil qiladi va umumlashtiradi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli xulosa va takliflar tayyorlaydi;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining holati va ularni rivojlantirish to‘g‘risida axborotlarning ishonchliligi ta’minlanishi va o‘z vaqtida taqdim etilishini o‘rganadi, tekshiradi va monitoringini olib boradi;

 

6) «oxirgi milya» tamoyili bo‘yicha Internet tarmog‘idan keng polosali foydalanishni, multiservis aloqa tarmoqlari texnologiyalarini, mobil aloqa bozorini, boshqa zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini, shuningdek, pochta aloqasi xizmatlarini va davriy bosma nashrlar tarqatishni kengaytirish yo‘li bilan telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan nazorat sohasida:

  • qonun hujjatlariga muvofiq telekommunikatsiya tarmoqlari, axborotlashtirish tizimlari va vositalari yaratilishi va ishlatilishi bo‘yicha xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshiradi, o‘rganadi va nazorat qiladi;
  • aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari tarmoqlarining yangidan quriladigan va qayta quriladigan obyektlarini foydalanishga qabul qilib olish komissiyalarida qatnashadi.

    [object Object]

    “OʻZKOMNAZORAT” INSPEKSIYASI

    Murojaat yuborish

    Copyright © 2019 - 2022 Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi rasmiy veb-sayti. Mualliflik huquqlari himoyalangan

    Veb-saytdan olingan maʼlumotlar chop etilganda veb-saytga havola qilish majburiy Creative Commons Attribution 4.0 Internationals

    Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma’muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

    Saytning eski talqini

    Veb-saytdan olingan maʼlumotlar chop etilganda veb-saytga havola qilish majburiy

    Technocorptomonidan ishlab chiqilgan
    img